Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti tarkibida faoliyat yurituvchi “Radiopreparat” davlat muassasasida boʻlib oʻtdi.

Press-turdan koʻzlangan asosiy maqsad yadro tibbiyoti va radiofarmatsevtika sohasida joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar, radioizotop va radiofarmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarishning toʻliq ilmiy-ishlab chiqarish sikli hamda ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi uzviy hamkorlik natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat boʻldi.

Tadbir ishtirokchilari muassasada radioaktiv izotoplar, radiofarmatsevtik preparatlar, diagnostika uchun moʻljallangan faol va faol boʻlmagan toʻplamlar hamda immunoferment test-tizimlarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Barcha ishlab chiqarish jarayonlari GMP, ISO va IAEA xalqaro standartlari asosida yoʻlga qoʻyilgani alohida taʼkidlandi.

Press-tur davomida “Radiopreparat” davlat muassasasining milliy yadro tibbiyoti infratuzilmasida tutgan oʻrni, sogʻliqni saqlash tizimini mahalliy, yuqori texnologiyali radiofarmatsevtik mahsulotlar bilan taʼminlashdagi strategik ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Muassasa tomonidan ishlab chiqarilayotgan radiopreparatlar onkologik, endokrin, yurak-qon tomir hamda boshqa ogʻir kasalliklarni tashxislash va davolashda qoʻllaniladi. Ayniqsa, rak kasalliklarida radionuklid terapiyasi keng samara berayotgani taʼkidlandi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, radiopreparatlar koʻp hollarda anʼanaviy dori vositalari samara bermagan bemorlarda qoʻllanilib, ogʻriqni 6 oydan 1 yilgacha muddatga kamaytirish yoki toʻliq bartaraf etish imkonini beradi. Bu esa bemorlarning hayot sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda “Radiopreparat” davlat muassasasi mahsulotlarining 90 foizi xorijiy bozorlarga eksport qilinmoqda. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Vengriya hamda Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Faqat 2025-yilning oʻzida 30 dan ortiq eksport shartnomalari amalga oshirildi. Bu koʻrsatkich muassasa mahsulotlariga boʻlgan xalqaro ishonch, shuningdek, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan radiofarmatsevtik texnologiyalarning raqobatbardoshligini yaqqol tasdiqlaydi.

Radionuklid substansiyalari va tayyor radiofarmatsevtik preparatlar yetakchi ilmiy markazlar, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika kompaniyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berilmoqda.

Press-tur davomida jurnalistlar quyidagi ishlab chiqarish hududlari faoliyati bilan tanishdilar:

  • Radioaktiv izotoplar va radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish binolari,
  • Faol boʻlmagan (noaktiv) diagnostik toʻplamlar ishlab chiqarish hududi,
  • Immunoferment analiz (IFA) uchun test-naborlar tayyorlash sexi.

Bu yerda OIV infeksiyasi, V va S virusli gepatitlar, zaxm va boshqa kasalliklarni aniqlash uchun moʻljallangan zamonaviy test-tizimlar ishlab chiqariladi.

— Bugungi kunda “Radiopreparat” davlat muassasasida ishlab chiqarilayotgan barcha radiofarmatsevtik mahsulotlar xalqaro GMP, ISO va IAEA standartlari talablariga toʻliq muvofiq ravishda nazoratdan oʻtkazilmoqda. Sifat nazorati jarayonlari ishlab chiqarishning har bir bosqichida amalga oshirilib, mahsulotlarning xavfsizligi, samaradorligi va barqarorligi kafolatlanadi. Mahalliy ishlab chiqarilgan radiopreparatlar nafaqat milliy sogʻliqni saqlash tizimini yuqori texnologiyali dori vositalari bilan taʼminlashga, balki xalqaro bozorda Oʻzbekistonning raqobatbardosh ilmiy salohiyatini namoyon etishga xizmat qilmoqda dedi – Sifat nazorati boʻlimi boshligʻi Zafar Usarov.

Tadbir doirasida mutaxassislar va jurnalistlar oʻrtasida ochiq muloqot oʻtkazilib, yadro tibbiyoti sohasida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

Mazkur amaliy press-tur Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, yuqori texnologiyali tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mamlakatning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

“Radiopreparat” davlat muassasasi bugun nafaqat milliy sogʻliqni saqlash tizimining ishonchli tayanchi, balki Oʻzbekistonning yadro tibbiyoti sohasidagi xalqaro imijini shakllantirayotgan yetakchi ilmiy-ishlab chiqarish markazi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Zulxumor AKBAROVA