Mamlakatimizda korrupsiya qarshi kurashishni yana-da kuchaytirish maqsadida uning usullaridan biri hisoblanadigan hamda xozirgi paytda bir qator mamlakatlarda keng qoʻllanilayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarini majburiy rotatsiyasini joriy qilish taklif qilingan.
Mazkur masalada xorijiy amaliyot oʻrganilganda, Germaniya Federativ Respublikasida (“Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan yuritiladigan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” (keyingi oʻrinlarda Indeks) boʻyicha - 9-oʻrin) va Xitoy Xalq Respublikasida (indeks boʻyicha 78-oʻrin) 5 yil, Yaponiyada (indeks boʻyicha 13-oʻrin) va Singapurda (indeks boʻyicha 3-oʻrin) 2-3 yil, Rossiya Federatsiyasida (indeks boʻyicha 129-oʻrin) 3-5 yilda korrupsiyaga moyil boʻlgan lavozimlarda ishlaydigan davlat xizmatchilarini majburiy doimiy rotatsiya qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari korrupsiyaga moyil boʻlgan lavozimlarda ishlaydigan davlat xizmatchilarini rotatsiya qilish masalasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasida ham nazarda tutilgan.
Jumladan, mazkur konvensiyaning 17-moddasida har bir aʼzo davlat korrupsiyaga moyil boʻlgan lavozimlarga davlat xizmatchilarini tanlab olish, tayyorlash hamda ularni lozim boʻlganda rotatsiya qilish mexanizmlarini oʻz ichiga olgan ishga qabul qilish, davlat xizmatini oʻtash, karyera qilish, isteʼfoga chiqish tizimlarini yaratishga va mustahkamlashga harakat qilishi kerakligi belgilangan.