Blis yo‘nalishidagi turnirda xalqaro grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘arib, oltin medal va kubok bilan taqdirlandi. U 7 o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikki nafar raqibi bilan durangga erishdi. Yoqubboyev hattoki arab davlatlari orasida eng kuchli shaxmatchi, “Ramadan open” xalqaro turnirining birinchi raqamli ishtirokchisi bo‘lmish BAA vakili Salim Solihdan ham ustun keldi.
Kecha tunda hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Xusan Turdaliyev boshchiligida yurtimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida shaxmatchilarimizni Sportni rivojlantirish vazirligi masʼul xodimlari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, “Ramadan open” xalqaro turnirida yana bir xalqaro grossmeysterimiz Javohir Sindorov ham qatnashib, blis yo‘nalishida 3-o‘rinni egallagan edi.
Shuningdek, xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini Nilufar Yoqubboyeva hamda Shaxnoza Sobirovalar ham himoya qilishdi.