Muqaddas kitobimiz “Qurʼoni karim”da “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir”, (Baqara surasi, 185-oyat) deb aytilgan.

Ramazon oylarning sultoni, sayyidi, eng yaxshisi boʻlib kelgan va hamisha shunday boʻlib qolaveradi. Bu oy xayr-ehson oyidir. Abdulloh ibn Abbos aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ramazon oyida yanada saxovatliroq boʻlib ketardilar”.

Ramazon oyida inson roʻza tutish orqali oʻzini och-nahor yurgan odamlar ahvolidek his qilib, yetim-yesirlarga, kasalmand va muhtoj oilalarga yordam berib, savob olishga harakat qilishi lozim ekan.

Maʼlumki, bundan ikki yil avval shu ulugʻ ayyom kunlari arafasida (2020-yilning 20-aprel kuni Prezidentimizning “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tashkil etilgani eng ezgu amallardan boʻldi. Davlat saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatladi, ularga soliq, lizing, kredit toʻlovlari, zarur resurslar bilan taʼminlash boʻyicha turli imtiyoz va preferensiyalar berdi. Eng asosiysi, kam taʼminlangan insonlar va oilalarga mehr va hurmat bilan yordam qoʻlini choʻzish bu tadbirkorlar va fermerlar, xoʻjalik birlashmalari vakillari, vazirlik, idora va tashkilotlar ishchi-xodimlari va umuman har qanday inson uchun ham savob, ham vatanparvarlik namunasi boʻldi.

“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga kelib tushgan mablagʻlar koronavirus pandemiyasi va karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp farzandli oilalarga, nogironligi boʻlgan shaxslarga va yolgʻiz qariyalarga, oʻz daromadini yoʻqotgan vaqtincha ishsiz boʻlgan jismoniy shaxslarga yordam berishga yoʻnaltirildi. Bunday yordam pul mablagʻlari, kundalik isteʼmol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar koʻrinishida boʻlishi Jamgʻarma nizomida belgilab qoʻyildi. Jamgʻarma nizomida belgilanishicha, tuman va shaharlarda har bir sektor rahbari tegishli mahalla faollari bilan birgalikda mahallalardagi har bir oilaning, fuqaroning moddiy ahvolini oʻrgangan holda haftalik yordam koʻrsatiladigan ehtiyojmand oilalar roʻyxati (“temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari) va ularga berilishi kerak boʻladigan mablagʻlar, kundalik isteʼmol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar hajmini shakllantirdi va yigʻilgan maʼlumotlar halq deputatlari mahalliy kengashlariga kiritildi.

Yana shuni taʼkidlash lozimki, shu ikki yil ichida Jamgʻarmaga xalqimiz va tadbirkorlardan bir necha yuz milliardlab soʻm va millionlab valyutalar yigʻilib, belgilangan tartibda kam taʼminlangan oilalarga oziq-ovqat va dori-darmonlar sifatida shu kungacha tarqatib kelinmoqda.

Bu esa yurtdoshlarimizning nafaqat Ramazon oyida, balki har kuni saxovatli boʻlish kerakligini chuqur his qilib, ezgu amallarini koʻpaytirishga astoydil intilayotganidan dalolat.

Savob ishni har kuni qil, deyiladi aslida. Biroq, aksariyatimiz bunga har kuni qodir boʻla olmasligimiz aniq. Shunday ekan, loaqal gunoh qilmaslikka harakat qilish, ayniqsa, Ramazon oyida bir-birimizga ochiq chehra, keng koʻngilli boʻlishlik barchamizga nasib etsin!

Fozil SULTONOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi