Koʻp miqdorda suv iching!
Bu yil odamlar kuniga oʻrtacha 14−15 soat davomida roʻza tutishlariga toʻgʻri keladi. Kunduzi havo harorati yuqori boʻlgan paytda salqin va soyali joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi.
Iftorlik va saharlik oraligʻida koʻp miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Kunduzi havo harorati yuqori boʻlishi koʻp terlashni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois kun davomida yoʻqotilgan suyuqlik oʻrnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.
Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu meʼyorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida hoʻl mevalardan yeyish foydali.
“Achiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv neʼmatlar hisoblanadi.
Shoʻrva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham isteʼmol qilish mumkin.
Tarkibida kofein mavjud boʻlgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan maʼqul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishi (degidratsiya)ga olib keladi.
Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy boʻlishini esdan chiqarmaslik zarur.
Kun davomida juda koʻp harakat qilish organizmning koʻp miqdorda suv yoʻqotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun boʻyi harakatsiz oʻtirish ham tavsiya qilinmaydi.
Saharlik dasturxonidan nimalar joy olgani maʼqul?
Qayd etilishicha:
- ogʻizni yopish”dan oldin ovqat yeyish lozim. Saharlik paytida yengil taomlaning. Bu ayniqsa roʻza tutishni maqsad qilgan katta yoshdagi insonlar, oʻsmirlar, homilador ayollar, emizikli farzandi bor onalar hamda bolalar uchun ham muhim!
Yengil nonushta sifatida sabzavotlar, tarkibida uglevod mavjud boʻlgan donli nonlar yoki bulochkalar, sut mahsulotlari (tuzsiz pishloq, suzma, sut) va/yoki tuxum kabi oqsilga boy neʼmatlarni isteʼmol qilish foydali.
Sekinroq va mayda chaynab ovqatlangan maʼqul. Koʻp miqdordagi tanovul jigʻildon qaynashi va bezovtalikka sabab boʻladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati gazeta.uz maʼlumotiga tayanib.
Shuningdek, xabarda saharlik uchun JSSTnig quyidagi tavsiyalari qayd etilgan:
- ikki burda non;
- sabzavotli omlet yoki yaxshi qaynatilgan tuxum;
- toʻgʻralgan sabzavotlar;
- pishloq yoki sut mahsulotlari;
- choy;
- yetarli miqdorda suv ichishni unutmang!