"Rangsiz tushlar" filmi ikki xalqaro kinofestivalda ishtirok etadi

    Madaniyat 6 Iyul 2020 6737

    «Oʻzbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga binoan isteʼdodli rejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan “Rangsiz tushlar” dramasi “XVI Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivali” va Yerevanning “Fresco” maʼnaviy-axloqiy filmlar xalqaro kinofestivalining asosiy tanlov dasturlariga kiritildi.

    Oʻtgan hafta Media klubda yopiq namoyishi oʻtkazilgan mazkur film jurnalist va blogerlar tomonidan iliq qabul qilingan edi.

    “2013-yilda ”Parizod“ filmim ham Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivalining asosiy tanlovida ishtirok etgan edi. Ushbu kinofestival menda yaxshi taassurotlarni qoldirgan, chunki tanlovda qatnashayotgan filmlarning saviyasi yuksak darajada edi. Endi esa yangi ”Rangsiz tushlar" filmi bilan qatnashib, Eron, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Kanada va boshqa mamlakatlarning eng yaxshi filmlari bilan raqobatlashish imkoni berilganidan xursandman”.

    “Fresco” kinofestivali esa men uchun yangi tajriba. Pandemiya tufayli koʻplab kinofestivallar bekor qilindi, ammo Yerevan kinofestivali toʻliq tashkil etilayotgan boʻlib, tomoshabinlar yozgi kinoteatrlar ekranlarida filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻladilar”, – dedi rejissyor Ayub Shahobiddinov.

    Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivali Tatariston poytaxtida 2005-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda. Festivalning taʼsischilari – Tatariston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qozon shahri maʼmuriyati, Rossiya Muftiylar kengashidir. Festival Tatariston Respublikasi Prezidenti homiyligida oʻtkaziladi. Tanlov komissiyasi va hayʼati tarkibiga dunyoning atoqli sanʼat namoyondalari – kinorejissyorlar, operatorlar va kinoshunoslari kiradi.

    “Fresco” – bu Yerevanda har yili oʻtkaziladigan kinofestivaldir. Uning asosiy maqsadi madaniy muloqot orqali insonparvarlik qadriyatlari, muhabbat va bagʻrikenglik fazilatlarini yana-da mustahkamlashdan iborat. Maʼnaviy yoki insoniy asosga ega boʻlgan filmlar namoyishi bilan bir qatorda, festival tashkilotchilari filmlarda koʻtarilgan masalalar va muammolar boʻyicha ommaviy munozaralar uyushtiradi.

    “Rangsiz tushlar” filmida inson oʻz “Men”ini har qanday sharoitda: qamoqxona devorlarida, jamiyatda yoki oilada oʻzgartirishining bir necha muhim jihatlari ilgari surilgan. Koʻp yillik qamoqdan soʻng oʻz qadrdon goʻshasiga qaytgan film bosh qahramoni Kashmira asta-sekin oilasida, jamiyatda oʻz oʻrnini topish huquqiga ega ekanligini isbotlashi kerak edi. Bunda u faqat qatʼiyat va iroda tufayli kuchli shaxsga aylanishi mumkinligi anglab yetadi. Filmda jamiyatda jazo muddatini oʻtab kelgan shaxslarga nisbatan nooʻrin munosabatning shakllanishi, “odamlar nima deydi” kabi qarashlar ortidan paydo boʻladigan ijtimoiy muammolar koʻtarilgan.

    Filmda bosh qahramon rolini Feruza Saidova ijro etgan. Shuningdek, kinoasarda Karim Mirhodiyev, Shohida Ismoilova, Bekzod Abdumuhidov va Anvar Nazarovlar suratga tushgan. Ssenariy muallifi Umid Hamdamov.