Hozirgi kunda yurtimizda 154 ming 401 ta yoki jami kichik korxona va mikrofirmalarning 37,6 foizi savdo bilan shugʻullanmoqda. Sanoatda 68 ming 746 ta yoki 16,7 foizi faoliyat yuritmoqda. Kichik biznes vakillarining eng koʻpi, yaʼni 20,2 foizi Toshkent shahrida ishlaydi.
2023-yil yanvar-iyun oylari holatiga koʻra, har ming kishiga 13,9 ta tadbirkorlik subyekti toʻgʻri kelmoqda.
O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub'ektlarining soni dinamikasi (har 1000 kishiga, birlikda)
Berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, qulay shart-sharoit va tashabbuslar faol qoʻllab-quvvatlanayotgani tufayli joriy yilning olti oyida 46,3 mingta yangi kichik korxona va mikrofirma (fermer va dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno) ish boshladi.
Mamlakat rivojida iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari qanchalik muhim oʻrin egallagan boʻlsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ham oʻz mavqeini shunchalik mustahkamlab olmoqda. 2018-yildan joriy yilning olti oyi ichida yurtimizda jami 470 ming 356 ta yangi kichik korxona va mikrofirma tashkil etildi.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida yangi tashkil etilgan kichik korxona va mikrofirmalar soni, ming birlik
Sanoat sohasi iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlaridan biri boʻlib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojida muhim oʻrin tutadi. Ularning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmidagi ulushi 2018-yilda 37,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilning yarmiga kelib 26 foiz atrofida boʻldi.
Tadbirkorlarimiz qishloq xoʻjaligida ham ancha faol. Yaʼni oʻtgan yili qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hissasi 95 foizdan oshgan boʻlsa, 2023-yilning yanvar-iyun oylarida yana 1,6 foiz oʻsdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish hajmidagi ulushi, foizda
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada shaharu qishloqlarimizda koʻplab yangi turar joylar, ijtimoiy obyektlar, ishlab chiqarish inshootlari qad rostladi. Temir yoʻl va avtomobil yoʻllari qurildi. Bu jarayon izchil davom etmoqda. Mazkur sohada kichik biznes subyektlari ulushi joriy yil oʻrtasiga kelib 2018-yildagi 73,2 foizdan 77,1 foizga yetgani ushbu yoʻnalishdagi ishlar nechogʻli jadal kechayotganini anglatadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bajarilgan qurilish ishlari hajmidagi ulushi, foizda
Bunday ijobiy oʻsish surʼatlari umumiy eksport hajmida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Yaʼni shu davr ichida soha vakillarining tashqi bozorga chiqishi 0,4 foiz birlikka koʻpaygan.
Tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, koʻplab byurokratik toʻsiqlarga barham berilgani shunday ijobiy oʻzgarishlarga zamin yaratmoqda.
Soʻnggi yillarda shu maqsadda oʻtkazilayotgan islohotlar natijasida sohani rivojlantirishga qaratilgan mingdan ortiq qonun, farmon va qaror amaliyotga tadbiq etilgani, ular asosida 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazilgani fikrimiz tasdigʻidir. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha koʻplab cheklovlar olib tashlangani esa ularga yanada kuch bagʻishlayapti.
Komil GULBOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Statistika agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari