Shuningdek, qabul qilingan yangi tartibga koʻra, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab ish beruvchilar boʻsh ish oʻrinlari haqida bandlik organlariga majburiy hisobot bermaydi va ular tavsiya qilgan nomzodni qabul qilmaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi. Bu oʻzgarishlar mehnat bozorida ham ish beruvchilar, ham ish izlayotganlar uchun ayni muddao. Bandlik vazirligi tomonidan joriy etilayotgan raqamli platformalar, elektron shartnomalar, malaka vaucherlari kabi turli mexanizmlar esa tizimni keng hamda samaraliroq ishlashga undaydi.
Avvalgi tizimda ish beruvchi har bir boʻsh ish oʻrni haqida mahalliy bandlik organlariga hisobot topshirishi shart edi va ular yuborgan nomzodni rad etgani uchun javobgarlikka tortilar edi. Yangi tartib esa bu mexanik nazoratni bekor qilib, yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) orqali raqamli va markazlashgan maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyadi.
Bu oʻzgarishlarning ijobiy jihati – byurokratiyaning kamayishi, ish beruvchilar uchun hujjat yuritish va hisobot berish yuklamasini yengillashtirish bilan bir qatorda, davlat mehnat bozorida “majburlovchi nazoratchi”dan koʻra “ishonchli hamkor” pozitsiyasiga oʻtish niyatini koʻrsatmoqda. Bu iqtisodiy liberallashuvning bir koʻrinishi boʻlib, xususiy sektor faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Ish beruvchilar uchun yopiq eshiklar ochilmoqda
Yangi tartibga koʻra, endilikda davriy hisobotlarni topshirishdagi byurokratiya tashvishi kamayadi, ish beruvchilarga koʻproq erkinlik asosida vakansiyalar bilan ishlash imkoni yaratilmoqda.
Elektron mehnat shartnomalarini (Face ID orqali) tez va qulay tarzda tuzish imkoniyati joriy etilib, rasmiylashtirish jarayoni ragʻbatlantiriladi. Bu esa xususiy sektor va kichik bizneslar uchun katta yengillik yaratadi.
Milliy vakansiyalar bazasida fuqarolar mustaqil ravishda ish uchun hujjatlarni yuborishlari va rekruterlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borishlari mumkin boʻladi. Mehnat organlari fuqarolarga anketalarni toʻldirish, hujjatlarni toʻgʻri yuborish va nomzodlikning tanlab olinishi uchun koʻmaklashadi.
Prezidentimizning 2025-yil 4-iyuldagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, endilikda har bir boʻsh ish oʻrni va nomzod maʼlumotlari Milliy vakansiyalar bazasida aks etadi. Bu bazada ish izlovchi mustaqil ravishda hujjat yuborishi, ish beruvchi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilishi mumkin. Mahalliy bandlik organlari esa nomzodlarni saralab, ish beruvchiga tavsiya etadi.
Bunday tizim qator afzalliklar beradi: shaffoflik va ochiq maʼlumot maydonini yaratadi, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beradi. Natijada ish izlovchi Milliy vakansiyalar bazasi orqali vakansiyalarga mustaqil ravishda ariza yuboradi, ish beruvchi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqada boʻladi. Bu — erkin va qulay, chunki faollikni ragʻbatlantiradi, maʼlumotlar shaffof tarzda saqlanadi. Biroq bu tizimning samaradorligi axborot tizimi barcha hududlarda bir xil ishlashi, maʼlumotlar toʻliq va haqqoniy yuborilishiga bogʻliq.
Muvozanat varaqasi
Endi ish qidirayotgan shaxslar Milliy vakansiyalar bazasidagi boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashish maqsadida tegishli hujjatlarini elektron shaklda mustaqil yubora oladi. Bu orqali ish beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Shuningdek, mahalliy mehnat organi masʼul xodimlari ham ish izlovchi fuqaroga yordam beradi. Yaʼni Milliy vakansiyalar bazasidagi boʻsh ish oʻrinlari uchun ish izlayotgan fuqarolar orasidan mos keladigan nomzodlarni saralab, ularni ishga joylashtirishda ish beruvchilar bilan hamkorlik oʻrnatadi.
2026-yil 1-yanvarga qadar dastlab Toshkent shahrida, kelgusida esa respublikaning barcha hududlarida ish beruvchilarga amaliy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni topib berishda mehnat organlari tomonidan koʻmaklashish tizimi joriy etiladi. Bandlik vazirligi huzurida ish beruvchilar va ish qidirayotgan fuqarolar uchun NR loyiha ofisi tashkil qilinadi. Bu loyiha ofisi mutaxassislari fuqarolarga oʻz anketasini qanday toʻldirib, qay tartibda ish izlashni ham tushuntirib boradi.
Bunda, yuqorida taʼkidlanganidek, Milliy vakansiyalar bazasida boʻsh ish oʻrinlari aks etadi. Ish beruvchilarning soʻroviga asosan nomzodlar saralanib, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron platforma orqali yuboriladi. Ish beruvchi oʻziga mos keladigan nomzodni tanlab, ishga qabul qiladi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi – mehnat bozorida ishonchli vositachiga aylanadi. Mehnat bozorida ish beruvchilar va talabgorlarni bir-biriga bogʻlash maqsadida rekruterlar bilan hamkorlikda malakali mutaxassislardan iborat “HR loyiha ofisi” tashkil etilib, yangi raqamli platforma yaratiladi.
Bu tizim dastlab Toshkent shahrida, keyinchalik butun respublika boʻylab tatbiq etiladi. Ushbu platformaning mohiyati shundaki, ish beruvchilar boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi haqqoniy maʼlumotlarni joylaydi, ish izlayotgan fuqarolar oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadilar. “Loyiha guruhi” dastlabki saralashni amalga oshiradi va ish beruvchilarga eng munosib nomzodlarni taklif qiladi, ish beruvchi oʻziga maqbul mutaxassislarni mustaqil tanlab oladi.
– Platforma tekin xizmat koʻrsatadi va shu tariqa ushbu tizim ish beruvchilarni boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlarni shakllantirishda faollikka undaydi. Fuqarolarni sifatli, rasmiy ish bilan taʼminlaydi. Ish beruvchining talabidan kelib chiqib kasbiy taʼlim tizimini rivojlantiradi, – deydi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining matbuot kotibi Gulnoza Alimova. – Toshkentda pilot tarzda joriy etilayotgan, keyinchalik butun respublikaga tatbiq qilinadigan raqamli platforma ish jarayonini avtomatlashtirib, maʼlumotlarni shaffof koʻrishga yordam beradi. Platforma xizmatlari tekin boʻlib, bu ish beruvchilar va fuqarolarni faollikka undaydi.
Yangi tartibga koʻra, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab, xodimlari soni 50 nafargacha boʻlgan xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohasidagi korxonalarga YAMMT orqali Face ID yordamida elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga ruxsat beriladi.
Bunday korxonalarga Mehnat kodeksining 29-bobidagi mikrofirmalar uchun maxsus tartiblar tatbiq etiladi — mehnat shartnomasidan tashqari ichki hujjatlarni (ichki mehnat qoidalari va boshqalar) yuritish talab etilmaydi.
Bu yengillik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun katta imkoniyatdir, chunki ular ortiqcha byurokratiyasiz xodim yollay oladi. Biroq, mehnat huquqlari himoyasini taʼminlash uchun elektron tizimda ham shartnoma shartlari va ishchi huquqlarini aniq belgilash muhim.
Yana bir muhim jixat shundaki, yuqoridagi farmonga koʻra, malakani oshirish va kasbga qayta tayyorlanish vaucheri joriy etiladi. Jumladan, 2025-yil 1-noyabrdan malakasini oshirish yoki kasbga qayta tayyorlanishni istagan shaxslarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun “kasb vaucheri” beriladi. Vaucher ssuda sifatida beriladi. Oʻqishni tugatib sertifikat olgan va ishga joylashgan shaxs ssudani 2 yil ichida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga qaytaradi. (Nogironligi boʻlgan shaxslar va “Kambagʻal oilalar” reestridagilar bundan mustasno). Nogironligi boʻlganlar, 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda oʻqiyotgan kambagʻal oila aʼzolari va doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab oʻqiyotganlarga taʼlim davrida eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi. Ammo, ishsizlik nafaqasi olayotgan davrda stipendiya berilmaydi.
2026-yil 1-fevralgacha oʻquv dasturlarining nazariy qismi asosida videodarsliklar tayyorlanadi va internetda bepul foydalanish uchun joylashtiriladi. Ish beruvchilar tinglovchilarning imtihon topshirish jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi. Tizimning barcha bosqichlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Shunigdek, 2026-yil 1-martga qadar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan kasb-hunar oʻqitish tizimi 3 bosqichli model asosida tashkil etiladi: videodarsliklar, kasbga oʻqitish, malaka oshirish. Oʻqitish nazariy va amaliy shaklda boʻlib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganlar amaliy bosqichga oʻtkaziladi.
Ushbu oʻzgarishlar mehnat bozorida shaffoflik, samaradorlik va raqamlashuv sari katta qadam boʻlmoqda. Ish beruvchilar uchun byurokratik toʻsiqlar kamayar ekan, ular uchun jarayon yengillashayapti. Ish izlovchilar esa mustaqil, raqamli platforma orqali oʻzaro faol aloqada boʻlib, imkoniyatlarni koʻproq qoʻlga kiritadi. Umuman, mazkur farmon qoʻllab-quvvatlovchi tizim va raqamli vositalar bilan mehnat bozorini izchil va barqaror isloh qilishga xizmat qiladi.
Zero, asosiy maqsad ish beruvchilarga boʻlgan maʼmuriy bosimni kamaytirish orqali yoshlarga, xotin-qizlarga va barcha fuqarolarga teng va faol ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Ish haqi, shartnomalar, taʼlim va bosqichma-bosqich malaka oshirish tizimlari orqali zamonaviy jarayonlarning izchil ravishda ishlashiga asoslangan sharoitlar yaratilmoqda.
Sirasini aytganda, ushbu islohotlar — mehnat bozorida samaradorlik, shaffoflik va imkoniyatli jamiyat sari yana bir muhim qadamdir. Agar ushbu innovatsion choralar qatʼiy amalga oshirilsa, bu mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlik va raqobatbardosh ishlab chiqarishni rivojlantirishga muhim asos boʻladi.
Zulxumor AKBAROVA