Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini taʼminlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi Farmoni bilan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya Oʻzbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlari hamda oʻrta va uzoq muddatli istiqbolli vazifalarini belgilaydi, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Boshqa sohalarda boʻlgani kabi, sud-tergov sohasida raqamli islohotlar samaralai amalga oshirildi.
Xususan, Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasiga koʻra, sud-tergov faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni taʼminlash Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bunda, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini raqamlashtirish orqali ularning ochiqligi va shaffofligi taʼminlanib, aholiga bir muncha qulayliklar yaratilmoqda.
Bu borada, oʻtgan davrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”ga qaroriga koʻra jinoyat ishlarini yuritish tartibini bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Bunda, jinoyat ishlari boʻyicha ish yurituvni elektron shaklda yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtida surishtiruv organlarining prokuratura organlari, sudlar va jazoni ijro etish organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan maʼlumotlar almashinuvi imkoniyatini beruvchi himoyalangan tizimni, jumladan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilish, jinoyat ishlari boʻyicha statistika yuritishni avtomatlashtirish orqali joriy qilinadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktyabrdagi Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi joriy etilib, mazkur tizim statistik kartochkalarning elektron shakllarini tuzish orqali jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamalari hamda sud qarorlari ijrosi natijalari, shuningdek, ayblanuvchi va jabrlanuvchi tariqasida jalb etilgan ishtirokchilar boʻyicha maʼlumotlarning yagona hisobini yuritishga moʻljallangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ishni sudga qadar yuritish masalalari boʻyicha mazkur tizim joriy etilmoqda.
Jinoyat-protsessual qonunchilikka koʻra, guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar ishtirokidagi tergov harakatlari (soʻroq, shaxslarni va narsalarni tanib olish, yuzlashtirish) mazkur shaxslarni ular turgan joydagi yoki yashash joyidagi viloyatning yoki tumanning yoxud shaharning huquqni muhofaza qiluvchi organiga yoki sudiga chaqirgan, texnik vositalardan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin. Videokonferensaloqa jarayonida tergov harakati ishtirokchilari tergov harakati jarayoni va natijalarini toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya orqali bevosita kuzatib boradi.
Shuningdek, sudlar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etilishi mukammal odil sudlovga erishish va tizim faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha samarali ishlar amalga oshirildi.
Sudlar faoliyatini raqamlashtirishning amaliy ifodasi sifatida “Adolat” axborot tizimlari kompleksi, barcha instansiya sudlari faoliyatiga “E-XSUD” hamda “E-SUD” axborot tizimlari hamda markazlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazalari, “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portali, shuningdek sudlar faoliyatiga doir statistik hisobot maʼlumotlarini onlayn tarzda olish imkonini beruvchi “stat.sud.uz” sayti ishga tushurilganligi eʼtiborga loyiq.
Qayd etish lozimki, sudlar faoliyatining raqamlashtirilishi oʻz navbatida fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga yanada qulaylik yaratish, tizim faoliyatida ortiqcha qogʻozbozlikni cheklash, olis hududularda yashovchi fuqarolarga musofadan sudlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash bilan birga, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshiradi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, sud-huquq islohotlarining yorqin namunasi hisoblangan sud-tergov sohasini raqamlashtirish, avvalambor aholiga hamda sohada faoliyat yurituvchi xodimlarga qulaylik yaratib, vaqtni tejash bilan birgalikda, ortiqcha qogʻozbozliklarga chek qoʻyilib, sohada ish hajmi yuklamalarini oshib ketishini oldini oladi.
Dildora Bazarova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori