Davlatimiz rahbari jahon iqtisodiyoti shiddat bilan oʻzgarib borayotgan sharoitda hech bir sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmasligini taʼkidladi.

“Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar - korrupsiyani yoʻq qilishga intilmagan rahbar”, dedi Prezident.

Joriy yilning oʻzida mamlakatimizda:

- taʼlim, bank, moliya, bojxona, qishloq xoʻjaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100 ta dasturiy loyiha ishlab chiqildi;

- 500 dan ziyod yangi IT kompaniyalari tashkil etilib, sohaga 475 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib keldi;

- yil yakuni bilan IT xizmatlari hajmi 10 trillion soʻmga yetishi (2022-yilga nisbatan – 1,5 barobar koʻp), eksporti esa 300 million dollardan oshishi (2 barobar) kutilmoqda.

Lekin sohani yanada rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqish boʻyicha qilinadigan ishlar hali juda koʻp, dedi Prezident.

Bu yil IT sohasi eksporti Toshkent viloyatida – 100 mingdan 4,4 million dollarga, Samarqandda – 700 mingdan 3,2 millionga, Andijonda – 60 ming dollardan 2,8 million dollarga oshib, yuqori surʼatlarda oʻsdi. Surxondaryo ham ilk bor IT xizmatlari eksportini yoʻlga qoʻyib, 1 million dollardan oshirdi.

Lekin, eksport Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryoda 500 ming dollarga ham yetmaydi.

Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar IT bilan mustaqil shugʻullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotayapti.

Masalan, fargʻonalik yosh dasturchi Brayl alifbosini tarjima qiladigan dastur yaratib, AQSH, Meksika va Braziliyaga 150 ming dollarga sotgan.