Endi kommunal toʻlovlardan tortib, turli xaridlarni ham uydan chiqmay, onlayn amalga oshirish mumkin. Zero, bu qulayliklarni moliyaviy sohadagi islohotlar hosilasi deyish mumkin.
Binobarin, bugungi
natijalar Oʻzbekiston raqamli toʻlovlarni joriy etish bosqichidan allaqachon oʻtib
boʻlganini yaqqol namoyon etadi. Hozir savdo va xizmat koʻrsatish sohasida naqdsiz
toʻlovlar ulushi 66 foizga yetdi. Kelgusida ushbu koʻrsatkichni 75 foizga yetkazish
rejalashtirilgani davlat siyosatining izchil va aniq maqsadga yoʻnaltirilganini
tasdiqlaydi.
Eng muhim jihatlardan yana biri tizimning texnik va institutsional jihatdan
toʻliq tayyor ekanidir.
2026 yil 1 mart holatiga koʻra, mamlakat boʻyicha 433,3 mingta POS terminal,
42,3 mingta bankomat va infokiosk, 7061 ta naqd pul qabul qiluvchi qurilma hamda
70,5 milliondan ortiq bank kartasi mavjud. Bu koʻrsatkichlar nafaqat yirik shaharlarda,
balki hududlarda ham raqamli toʻlovlar uchun zarur infratuzilma toʻliq shakllanganini
koʻrsatadi.
Shu bilan birga, bank
tizimi faqat texnik jihatdan emas, balki operatsion va xizmat koʻrsatish nuqtai
nazaridan ham yangi talablar darajasiga moslashdi. Real vaqt rejimidagi toʻlovlar
tizimi, mobil bank xizmatlarining asosiy kanalga aylanishi va fintex yechimlarining
keng joriy etilishi bank sektorining raqamli platformaga aylanganini koʻrsatadi.
Bugun moliyaviy xizmatlar faqat bank binosi bilan cheklanmay, fuqarolarning kundalik
hayotiga ham chuqur kirib borgan.
Statistik koʻrsatkichlar bu jarayonning amaliy natijalarini tasdiqlaydi.
2025-yil yakunlariga koʻra, toʻlov terminallari orqali amalga oshirilgan
operatsiyalar hajmi 460,3 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yildagiga
nisbatan 1,4 barobar oshdi. Bank kartalari soni esa 68,2 milliontaga yetib, yil
davomida 10 foiz oʻsdi. Bu esa aholining raqamli toʻlov vositalariga ishonchi
tobora ortib borayotganini anglatadi.
Birgina Toshkent shahrida jamoat transportida naqd
pul orqali hisob-kitoblar bekor qilinishi qisqa muddatda katta natija berdi.
2025-yilda transport tizimi orqali 692 million tranzaksiya amalga oshirilgan.
Bu koʻrsatkich oʻtgan yildagiga nisbatan 36 foiz koʻpdir. Yoʻlovchilar soni
206 millionga yetib, 31 foiz oʻsdi. Tushum esa 644
milliard soʻmni tashkil etib, 16 foiz koʻpaygan. Bu raqamlar raqamli
toʻlovlarga oʻtish aholining tabiiy va tez moslashuvi bilan kechayotganini
koʻrsatadi.
Kommunal xizmatlar
sohasida ham sezilarli ijobiy natijalarga erishildi. 2025-yilda gaz va elektr
energiyasi uchun tushumlar 23,5 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yildagiga
nisbatan 42,7 foiz oshdi. Bu esa raqamli toʻlovlar tizimi hisob-kitoblarning
toʻliqligi va moliyaviy intizomni taʼminlayotganini yaqqol namoyon etadi.
Moliyaviy
xavfsizlikning yangi standarti
Prezidentimizning
“Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini
qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga
asosan joriy yil 1-apreldan davlat xizmatlari, kommunal toʻlovlar, yonilgʻi,
ayrim tovar va xizmatlar hamda yirik qiymatdagi bitimlar boʻyicha
hisob-kitoblar naqdsiz shaklga oʻtkazildi. Yuqorida taʼkidlaganimiz —
raqamlashtirishning mantiqiy davomidir. Ushbu farmon ijrosi orqali nafaqat
iqtisodiy jarayonlarning shaffofligi oshadi, balki fuqarolar manfaati yanada
ishonchli himoya qilinadi.
Ayniqsa, koʻchmas
mulk va transport vositalari oldi-sotdisida joriy etilayotgan eskrou tizimi
moliyaviy xavfsizlikning yangi standartini belgilaydi. Ushbu mexanizm orqali
mablagʻlar bankda saqlanadi va bitim faqat huquqiy jihatdan tasdiqlangandan
keyin yakunlanadi. Bu esa firibgarlik holatlarini kamaytirish, tomonlar
oʻrtasida ishonchni mustahkamlash va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishga
xizmat qiladi.
Xalqaro tajriba
ham aynan shu yoʻlning toʻgʻriligini tasdiqlaydi. Rivojlangan davlatlarda
naqdsiz toʻlovlar ustuvor va koʻplab mamlakatlarda yirik toʻlovlar faqat
raqamli shaklda amalga oshiriladi. Tadqiqotlar bunday tizim yashirin
iqtisodiyotni sezilarli darajada qisqartirishi va iqtisodiy barqarorlikni
mustahkamlashini koʻrsatadi.
Bugun Oʻzbekiston
ushbu yoʻnalishda global tendensiyalar bilan hamnafas harakat qilish barobarida
mintaqada ilgʻor tajriba namunasini ham shakllantirmoqda. Eng muhimi,
yaratilayotgan tizim markazida inson manfaatlari turibdi. Fuqaroga qulay,
tezkor va xavfsiz xizmat koʻrsatish barcha islohotlarning asosiy maqsadidir.
Xalqaro
tajriba
Yevropaning sakkiz
mamlakati maʼlumotlari asosida “Yashirin iqtisodiyotni raqamli toʻlovlar orqali
qisqartirish” mavzusida tayyorlangan tadqiqot natijalariga koʻra, naqdsiz
toʻlovlarni majburiy joriy etish yashirin iqtisodiyotni YAIMga nisbatan umumiy
hisobda 3,5-8 foiz oraligʻida qisqartirish imkonini beradi.
Davlatlar boʻyicha olganda, naqdsiz toʻlovlar
ulushi Norvegiyada 98, Buyuk Britaniyada 91, Shvetsiya, Daniya va Finlyandiyada
90, Avstraliyada 87 va Janubiy Koreyada 84 foizni tashkil qiladi.
Xorijiy
davlatlarda ham yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadida tovar va
xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish boʻyicha
koʻplab tajriba mavjud. Masalan, fuqarolar tomonidan Ispaniya va Fransiyada
1000 yevrodan hamda Gretsiyada 500 yevrodan ortiq qiymatdagi toʻlovlar faqat
naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Bugungi
talablar aholi va biznes uchun nima beradi?
Mamlakatimizda
moliyaviy munosabatlarning naqdsiz shakliga oʻtish, birinchi navbatda,
fuqarolar uchun toʻlovni tezroq, tushunarliroq va xavfsizroq amalga oshirish
imkonini beradi. Raqamli toʻlovlarda har bir operatsiya qayd etiladi. Bu esa
toʻlov tarixini shakllantirish, fuqarolar hamda biznes uchun bahsli holatlarda
dalil bazasini yaratishga xizmat qiladi.
Muhim jihat esa,
fuqaroga “yangi talab” emas, balki qulay xizmat yetib borishi, yaʼni toʻlov
qilish oson boʻlishi, tasdiq olish tez boʻlishi, bank va toʻlov infratuzilmasi
esa uzluksiz ishlashidir.
Maqsad shuki, bank
infratuzilmasi tayyor holatga keltirilishi kerak. Toki yonilgʻi quyish
shoxobchasiga kelgan fuqaro toʻlov usuli sababli xizmatdan foydalana olmay
qolmasin. Fuqaro benzin olish uchun keldimi, benzinini quydirib ketishi kerak.
Unda plastik karta bor-yoʻqligi muammo boʻlmasligi lozim.
Ayrim izohlarda “Markaziy bank banklar yoki
toʻlov tashkilotlarini majburlamoqda” degan qarashlar uchramoqda. Biroq
Markaziy bankning asosiy vazifasi naqdsiz hisob-kitob shakliga oʻtish
jarayonini muvofiqlashtirish va tizim darajasida bank infratuzilmasining
tayyorligini taʼminlashdan iborat. Yaʼni Markaziy bank toʻlovlarni qanday
amalga oshirish boʻyicha tijorat qarorlarini belgilamaydi.
Banklar va toʻlov
tashkilotlari esa, oʻz navbatida, isteʼmolchilar — mijozlar va fuqarolar uchun
barcha zarur sharoitni yaratishi lozim. Bu, avvalo, toʻlov infratuzilma —
bankomatlar, terminallar, naqd pulni qabul qilish va hisob-kitob mexanizmlari,
shuningdek, qulay raqamli toʻlov yechimlari toʻliq ishlashi deganidir.
Yaʼni asosiy
yondashuv bunday: fuqaro xizmatdan foydalanishda qiynalmasligi kerak. Buning
uchun barcha infratuzilma elementlari oldindan tayyor va uzluksiz ishlaydigan
holatda boʻlishi shart.
Naqdsiz
toʻlovlarga oʻtish aynan bugun boshlangan jarayon emas. U soʻnggi 5-6 yil
davomida bosqichma-bosqich joriy etib kelinmoqda. Bugun davlat xizmatlari,
elektr energiyasi va gaz toʻlovlari, shuningdek, billing tizimi orqali koʻplab
toʻlovlar allaqachon naqdsiz shaklga oʻtgan. Aholi amalga oshirayotgan
toʻlovlarning katta qismi raqamli kanallar orqali oʻtkazilmoqda va bu
koʻrsatkich yildan yilga barqaror oʻsmoqda. Bu holat jamiyatda naqdsiz
hisob-kitoblarga nisbatan ishonch va odat shakllanayotganini koʻrsatadi.
“Nega
milliy valyutadagi naqd pul qabul qilinmayapti, bu mening huquqim emasmi?”
Ijtimoiy
tarmoqlarda shu mazmundagi savol eng koʻp berilmoqda. Pul — shakl emas, qiymat.
U naqd yoki raqamli boʻlishi mumkin, lekin har ikkisi ham bir xil milliy
valyuta. Eng muhimi: pulingiz — sizniki. U kartada boʻladimi yoki naqd
koʻrinishda — farqi yoʻq. Masalan, agar mablagʻingiz plastik kartada boʻlsa,
uni istalgan vaqtda bankomat orqali naqdlashtirish mumkin. Yaʼni raqamli pul —
bu “boshqa pul” emas, balki xuddi shu milliy valyutaning zamonaviy shaklidir.
Biroq bu yerda
asosiy masala pulning shakli emas, uning aylanish mexanizmi va zamonaviy
moliyaviy texnologiyalaridadir. Bugun pul shakli rivojlanib bormoqda va raqamli
format orqali hisob-kitob qilish tezkorlik, xavfsizlik va qulaylikni
taʼminlaydi.
Kommunal toʻlovlar
boʻyicha ham aholi uchun qator amaliy qulayliklar yaratilgan. Xususan, elektr
energiyasi, gaz yoki suv uchun toʻlovlarni infokiosklar, barcha toʻlov
tashkilotlari hamda banklarning mobil ilovalari orqali amalga oshirish mumkin.
Bunda plastik karta mavjud boʻlsa, uni toʻldirish orqali, karta mavjud
boʻlmagan holatlarda esa infokioskning oʻzi orqali toʻlovni tez va qulay amalga
oshirish imkoniyati mavjud. Bu esa toʻlovlarni faqat bank boʻlimiga borib emas,
balki kundalik hayotga yaqin va qulay infratuzilma orqali amalga oshirish
imkonini beradi.
Avvalgi amaliyotda
ayrim holatlarda kommunal toʻlovlarni naqd pul shaklida qabul qilish uchun
masʼul xodimlar uyma-uy yurib toʻlovlarni yiqqan boʻlsa, endi bunday amaliyotga
ehtiyoj boʻlmaydi. Bu, bir jihatdan, xonadon egalarini ortiqcha bezovta
qilishning oldini olsa, ikkinchi tomondan, naqd pulni yigʻish bilan bogʻliq
tashkiliy va moliyaviy xarajatlar kamayadi.
Masalan, aholining
gaz va elektr isteʼmoli uchun tushumlar 2025-yilda 23,5 trillion soʻmni tashkil
etib, 2024-yildagi (16,5 trillion soʻm)ga nisbatan 42,7 foiz oshishiga
erishilgan. Bu esa kommunal xizmat uchun naqd pulsiz toʻlovlarning joriy
etilishi tushumlar toʻliqligini taʼminlashga imkoniyat yaratayotganini
koʻrsatadi.
Shu bilan birga,
mamlakatda raqamli toʻlovlar infratuzilmasining rivojlanishi yirik raqamli
ekotizimlar misolida ham koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, marketpleys mobil
ilovalari hamda raqamli banklar va mobil ilovalar doirasida onlayn savdo,
toʻlovlar, pul oʻtkazmalari, kommunal hisob-kitoblar, boʻlib toʻlash va biznes
uchun masofaviy moliyaviy xizmatlar oʻzaro uygʻunlashib bormoqda. Natijada
aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish
jarayoni soddalashib, naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishning tezligi,
qulayligi va ommabopligi ortmoqda.
Anʼanaviylikdan
zamonaviylikka
Markaziy bank
ushbu jarayonda faqat tartibga soluvchi emas, balki amaliy infratuzilma
yaratuvchi va muvofiqlashtiruvchi sifatida ishtirok etmoqda. Soʻnggi yillarda
bank sektori anʼanaviy moliyaviy institut modelidan bosqichma-bosqich raqamli
platforma va ekotizim modeliga oʻtmoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlarning faqat
bank binosi doirasida emas, balki fuqarolarning kundalik turmushiga chuqur
integratsiyalashayotganini anglatadi.
Ayni paytda
koʻchmas mulk va avtomobil oldi-sotdisi boʻyicha amaliy operatsion model —
eskrou hisobvaragʻi tizimi ham izchil yoʻlga qoʻyilmoqda. Eskrou hisobvaragʻi
tizimi koʻchmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida toʻlovlarning
xavfsiz va shaffof amalga oshirilishini taʼminlaydigan muhim mexanizmdir. Ushbu
tartibga koʻra, xaridor bankka murojaat qilib, eskrou hisobvaragʻini ochadi va
mablagʻni naqd yoki naqdsiz shaklda ushbu hisobvaraqqa kiritadi. Notarius
bitimni tasdiqlagandan soʻng bank mablagʻni sotuvchiga oʻtkazadi. Agar bitim
tuzilmasa yoki bekor qilinsa, pul xaridorga qaytariladi.
Bu tizim tomonlar
manfaatini himoya qiladi, hisob-kitoblarda ishonchni oshiradi va bitimlarning
huquqiy aniqligini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, xizmat haqi fuqarolar uchun
cheklangan miqdorda belgilangan. Koʻchmas mulk uchun bazaviy hisoblash
miqdorining 50 foizidan (amalda 206 ming soʻm), avtotransport vositalari uchun
bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan (amalda 103 ming soʻm) oshmaydi.
Bitim bekor qilinganda esa mablagʻni qaytarish uchun komissiya undirilmaydi.
Amaliyotda ushbu
tizimni qulay joriy etish maqsadida 1130 ga yaqin notarius bank tizimiga
biriktirildi. Bank xodimlarini oʻqitish, avtomobil bozorlari yaqinida bank
xizmatlarini kengaytirish hamda dam olish kunlari ham xizmat koʻrsatish
boʻyicha choralar koʻrildi.
Har qanday islohotning muvaffaqiyati nafaqat texnik va huquqiy tayyorgarlikka, balki aholining xabardorligi va yangi tizimdan foydalanish darajasiga ham bevosita bogʻliq. Shu bois, Markaziy bank tegishli vazirlik va idoralar, hududiy tuzilmalar hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda keng koʻlamli tushuntirish va targʻibotlar oʻtkazmoqda. Joylarda aholi, tadbirkorlar, mahalla vakillari, ijtimoiy soha xodimlari va boshqa maqsadli auditoriyalar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Savollarga javob berilmoqda, yangi tartib mohiyati sodda, ravon tushuntirilmoqda.
Yunus
BOʻRONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri