Endi kommunal toʻlovlardan tortib, turli xaridlarni ham uydan chiqmay, onlayn amalga oshirish mumkin. Zero, bu qulayliklarni moliyaviy sohadagi islohotlar hosilasi deyish mumkin.

Binobarin, bugungi natijalar Oʻzbekiston raqamli toʻlovlarni joriy etish bosqichidan allaqachon oʻtib boʻlganini yaqqol namoyon etadi. Hozir savdo va xizmat koʻrsatish sohasida naqdsiz toʻlovlar ulushi 66 foizga yetdi. Kelgusida ushbu koʻrsatkichni 75 foizga yetkazish rejalashtirilgani davlat siyosatining izchil va aniq maqsadga yoʻnaltirilganini tasdiqlaydi.

Eng muhim jihatlardan yana biri tizimning texnik va institutsional jihatdan toʻliq tayyor ekanidir.

2026 yil 1 mart holatiga koʻra, mamlakat boʻyicha 433,3 mingta POS terminal, 42,3 mingta bankomat va infokiosk, 7061 ta naqd pul qabul qiluvchi qurilma hamda 70,5 milliondan ortiq bank kartasi mavjud. Bu koʻrsatkichlar nafaqat yirik shaharlarda, balki hududlarda ham raqamli toʻlovlar uchun zarur infratuzilma toʻliq shakllanganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, bank tizimi faqat texnik jihatdan emas, balki operatsion va xizmat koʻrsatish nuqtai nazaridan ham yangi talablar darajasiga moslashdi. Real vaqt rejimidagi toʻlovlar tizimi, mobil bank xizmatlarining asosiy kanalga aylanishi va fintex yechimlarining keng joriy etilishi bank sektorining raqamli platformaga aylanganini koʻrsatadi. Bugun moliyaviy xizmatlar faqat bank binosi bilan cheklanmay, fuqarolarning kundalik hayotiga ham chuqur kirib borgan.

Statistik koʻrsatkichlar bu jarayonning amaliy natijalarini tasdiqlaydi. 2025-yil yakunlariga koʻra, toʻlov terminallari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi 460,3 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yildagiga nisbatan 1,4 barobar oshdi. Bank kartalari soni esa 68,2 milliontaga yetib, yil davomida 10 foiz oʻsdi. Bu esa aholining raqamli toʻlov vositalariga ishonchi tobora ortib borayotganini anglatadi.

Birgina Toshkent shahrida jamoat transportida naqd pul orqali hisob-kitob­lar bekor qilinishi qisqa muddatda katta natija berdi. 2025-yilda transport tizimi orqali 692 million tranzaksiya amalga oshirilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yildagiga nisbatan 36 foiz koʻpdir. Yoʻlovchilar soni 206 millionga yetib, 31 foiz oʻsdi. Tushum esa 644 milliard soʻmni tashkil etib, 16 foiz koʻpaygan. Bu raqamlar raqamli toʻlovlarga oʻtish aholining tabiiy va tez moslashuvi bilan kechayotganini koʻrsatadi.

Kommunal xizmatlar sohasida ham sezilarli ijobiy natijalarga erishildi. 2025-yilda gaz va elektr energiyasi uchun tushumlar 23,5 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yildagiga nisbatan 42,7 foiz oshdi. Bu esa raqamli toʻlovlar tizimi hisob-kitoblarning toʻliqligi va moliyaviy intizomni taʼminlayotganini yaqqol namoyon etadi.

Moliyaviy xavfsizlikning yangi standarti

Prezidentimizning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan joriy yil 1-apreldan davlat xizmatlari, kommunal toʻlovlar, yonilgʻi, ayrim tovar va xizmatlar hamda yirik qiymatdagi bitimlar boʻyicha hisob-kitob­lar naqdsiz shaklga oʻtkazildi. Yuqorida taʼkidlaganimiz — raqamlashtirishning mantiqiy davomidir. Ushbu farmon ijrosi orqali nafaqat iqtisodiy jarayonlarning shaffofligi oshadi, balki fuqarolar manfaati yanada ishonchli himoya qilinadi.

Ayniqsa, koʻchmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida joriy etilayotgan eskrou tizimi moliyaviy xavfsizlikning yangi standartini belgilaydi. Ushbu mexanizm orqali mablagʻlar bankda saqlanadi va bitim faqat huquqiy jihatdan tasdiqlangandan keyin yakunlanadi. Bu esa firibgarlik holatlarini kamaytirish, tomonlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.

Xalqaro tajriba ham aynan shu yoʻlning toʻgʻriligini tasdiqlaydi. Rivojlangan davlatlarda naqdsiz toʻlovlar ustuvor va koʻplab mamlakatlarda yirik toʻlovlar faqat raqamli shaklda amalga oshiriladi. Tadqiqotlar bunday tizim yashirin iqtisodiyotni sezilarli darajada qisqartirishi va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashini koʻrsatadi.

Bugun Oʻzbekiston ushbu yoʻnalishda global tendensiyalar bilan hamnafas harakat qilish barobarida mintaqada ilgʻor tajriba namunasini ham shakllantirmoqda. Eng muhimi, yaratilayotgan tizim markazida inson manfaatlari turibdi. Fuqaroga qulay, tezkor va xavfsiz xizmat koʻrsatish barcha islohotlarning asosiy maqsadidir.

Xalqaro tajriba

Yevropaning sakkiz mamlakati maʼlumotlari asosida “Yashirin iqtisodiyotni raqamli toʻlovlar orqali qisqartirish” ­mavzusida tayyorlangan tadqiqot natijalariga koʻra, naqdsiz toʻlovlarni majburiy joriy etish yashirin iqtisodiyotni YAIMga nisbatan umumiy hisobda 3,5-8 foiz oraligʻida qisqartirish imkonini beradi.

Davlatlar boʻyicha olganda, naqdsiz toʻlovlar ulushi Norvegiyada 98, Buyuk Britaniyada 91, Shvetsiya, Daniya va Finlyandiyada 90, Avstraliyada 87 va Janubiy Koreyada 84 foizni tashkil qiladi.

Xorijiy davlatlarda ham yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadida tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pulsiz ­shaklda amalga oshirish boʻyicha koʻplab taj­riba mavjud. Masalan, fuqarolar tomonidan Ispaniya va Fransiyada 1000 yevrodan hamda Gretsiyada 500 yevrodan ortiq qiymatdagi toʻlovlar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi talablar aholi va biznes uchun nima beradi?

Mamlakatimizda moliyaviy munosabatlarning naqdsiz shakliga oʻtish, birinchi navbatda, fuqarolar uchun toʻlovni tezroq, tushunarliroq va xavfsizroq amalga oshirish imkonini beradi. Raqamli toʻlovlarda har bir operatsiya qayd etiladi. Bu esa toʻlov tarixini shakllantirish, fuqarolar hamda biznes uchun bahsli holatlarda dalil bazasini yaratishga xizmat qiladi.

Muhim jihat esa, fuqaroga “yangi talab” emas, balki qulay xizmat yetib borishi, yaʼni toʻlov qilish oson boʻlishi, tasdiq olish tez boʻlishi, bank va toʻlov infratuzilmasi esa uzluksiz ishlashidir.

Maqsad shuki, bank infratuzilmasi tayyor holatga keltirilishi kerak. Toki yonilgʻi quyish shoxobchasiga kelgan fuqaro toʻlov usuli sababli xizmatdan foydalana olmay qolmasin. Fuqaro benzin olish uchun keldimi, benzinini quydirib ketishi kerak. Unda plastik karta bor-yoʻqligi muammo boʻlmasligi lozim.

Ayrim izohlarda “Markaziy bank banklar yoki toʻlov tashkilotlarini majburlamoqda” degan qarashlar uchramoqda. Biroq Markaziy bankning asosiy vazifasi naqdsiz hisob-kitob shakliga oʻtish jarayonini muvofiqlashtirish va tizim darajasida bank infratuzilmasining tayyorligini taʼminlashdan iborat. Yaʼni Markaziy bank toʻlovlarni qanday amalga oshirish boʻyicha tijorat qarorlarini belgilamaydi.

Banklar va toʻlov tashkilotlari esa, oʻz navbatida, isteʼmolchilar — mijozlar va fuqarolar uchun barcha zarur sharoitni yaratishi lozim. Bu, avvalo, toʻlov infratuzilma — bankomatlar, terminallar, naqd pulni qabul qilish va hisob-kitob mexanizmlari, shuningdek, qulay raqamli toʻlov yechimlari toʻliq ishlashi deganidir.

Yaʼni asosiy yondashuv bunday: fuqaro xizmatdan foydalanishda qiynalmasligi kerak. Buning uchun barcha infratuzilma elementlari oldindan tayyor va uzluksiz ishlaydigan holatda boʻlishi shart.

Naqdsiz toʻlovlarga oʻtish aynan bugun boshlangan jarayon emas. U soʻnggi 5-6 yil davomida bosqichma-bosqich joriy etib kelinmoqda. Bugun davlat xizmatlari, elektr energiyasi va gaz toʻlovlari, shuningdek, billing tizimi orqali koʻplab toʻlovlar allaqachon naqdsiz shaklga oʻtgan. Aholi amalga oshirayotgan toʻlovlarning katta qismi raqamli kanallar orqali oʻtkazilmoqda va bu koʻrsatkich yildan yilga barqaror oʻsmoqda. Bu holat jamiyatda naqdsiz hisob-kitoblarga nisbatan ishonch va odat shakllanayotganini koʻrsatadi.

“Nega milliy valyutadagi naqd pul qabul qilinmayapti, bu mening huquqim emasmi?”

Ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi savol eng koʻp berilmoqda. Pul — shakl emas, qiymat. U naqd yoki raqamli boʻlishi mumkin, lekin har ikkisi ham bir xil milliy valyuta. Eng muhimi: pulingiz — sizniki. U kartada boʻladimi yoki naqd koʻrinishda — farqi yoʻq. Masalan, agar mablagʻingiz plastik kartada boʻlsa, uni istalgan vaqtda bankomat orqali naqdlashtirish mumkin. Yaʼni raqamli pul — bu “boshqa pul” emas, balki xuddi shu milliy valyutaning zamonaviy shaklidir.

Biroq bu yerda asosiy masala pulning shakli emas, uning aylanish mexanizmi va zamonaviy moliyaviy texnologiyalaridadir. Bugun pul shakli rivojlanib bormoqda va raqamli format orqali hisob-kitob qilish tezkorlik, xavfsizlik va qulaylikni taʼminlaydi.

Kommunal toʻlovlar boʻyicha ham aholi uchun qator amaliy qulayliklar yaratilgan. Xususan, elektr energiyasi, gaz yoki suv uchun toʻlovlarni infokiosklar, barcha toʻlov tashkilotlari hamda banklarning mobil ilovalari orqali amalga oshirish mumkin. Bunda plastik karta mavjud boʻlsa, uni toʻldirish orqali, karta mavjud boʻlmagan holatlarda esa infokioskning oʻzi orqali toʻlovni tez va qulay amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bu esa toʻlovlarni faqat bank boʻlimiga borib emas, balki kundalik hayotga yaqin va qulay infratuzilma orqali amalga oshirish imkonini beradi.

Avvalgi amaliyotda ayrim holatlarda kommunal toʻlovlarni naqd pul shaklida qabul qilish uchun masʼul xodimlar uyma-uy yurib toʻlovlarni yiqqan boʻlsa, endi bunday amaliyotga ehtiyoj boʻlmaydi. Bu, bir jihatdan, xonadon egalarini ortiqcha bezovta qilishning oldini olsa, ikkinchi tomondan, naqd pulni yigʻish bilan bogʻliq tashkiliy va moliyaviy xarajatlar kamayadi.

Masalan, aholining gaz va elektr isteʼmoli uchun tushumlar 2025-yilda 23,5 trillion soʻmni tashkil etib, 2024-yildagi (16,5 trillion soʻm)ga nisbatan 42,7 foiz oshishiga erishilgan. Bu esa kommunal xizmat uchun naqd pulsiz toʻlovlarning joriy etilishi tushumlar toʻliqligini taʼminlashga imkoniyat yaratayotganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, mamlakatda raqamli toʻlovlar infratuzilmasining rivojlanishi yirik raqamli ekotizimlar misolida ham koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, marketpleys mobil ilovalari hamda raqamli banklar va mobil ilovalar doirasida onlayn savdo, toʻlovlar, pul oʻtkazmalari, kommunal hisob-kitoblar, boʻlib toʻlash va biznes uchun masofaviy moliyaviy xizmatlar oʻzaro uygʻunlashib bormoqda. Natijada aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish jarayoni soddalashib, naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishning tezligi, qulayligi va ommabopligi ortmoqda.

Anʼanaviylikdan zamonaviylikka

Markaziy bank ushbu jarayonda faqat tartibga soluvchi emas, balki amaliy infratuzilma yaratuvchi va muvofiqlashtiruvchi sifatida ishtirok etmoqda. Soʻnggi yillarda bank sektori anʼanaviy moliyaviy institut modelidan bosqichma-bosqich raqamli platforma va ekotizim modeliga oʻtmoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlarning faqat bank binosi doirasida emas, balki fuqarolarning kundalik turmushiga chuqur integratsiya­lashayotganini anglatadi.

Ayni paytda koʻchmas mulk va avtomobil oldi-sotdisi boʻyicha amaliy operatsion model — eskrou hisobvaragʻi tizimi ham izchil yoʻlga qoʻyilmoqda. Eskrou hisobvaragʻi tizimi koʻchmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida toʻlovlarning xavfsiz va shaffof amalga oshirilishini taʼminlaydigan muhim mexanizmdir. Ushbu tartibga koʻra, xaridor bankka murojaat qilib, eskrou hisobvaragʻini ochadi va mablagʻni naqd yoki naqdsiz shaklda ushbu hisobvaraqqa kiritadi. Notarius bitimni tasdiqlagandan soʻng bank mablagʻni sotuvchiga oʻtkazadi. Agar bitim tuzilmasa yoki bekor qilinsa, pul xaridorga qaytariladi.

Bu tizim tomonlar manfaatini himoya qiladi, hisob-kitoblarda ishonchni oshiradi va bitimlarning huquqiy aniqligini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, xizmat haqi fuqarolar uchun cheklangan miqdorda belgilangan. Koʻchmas mulk uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan (amalda 206 ming soʻm), avtotransport vositalari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan (amalda 103 ming soʻm) oshmaydi. Bitim bekor qilinganda esa mablagʻni qaytarish uchun komissiya undirilmaydi.

Amaliyotda ushbu tizimni qulay joriy etish maqsadida 1130 ga yaqin notarius bank tizimiga biriktirildi. Bank xodimlarini oʻqitish, avtomobil bozorlari yaqinida bank xizmatlarini kengaytirish hamda dam olish kunlari ham xizmat koʻrsatish boʻyicha choralar koʻrildi.

Har qanday islohotning muvaffaqiyati nafaqat texnik va huquqiy tayyorgarlikka, balki aholining xabardorligi va yangi tizimdan foydalanish darajasiga ham bevosita bogʻliq. Shu bois, Markaziy bank tegishli vazirlik va idoralar, hududiy tuzilmalar hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda keng koʻlamli tushuntirish va targʻibotlar oʻtkazmoqda. Joylarda aholi, tadbirkorlar, mahalla vakillari, ijtimoiy soha xodimlari va boshqa maqsadli auditoriyalar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Savollarga javob berilmoqda, yangi tartib mohiyati sodda, ravon tushuntirilmoqda.

Yunus BOʻRONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri