Prezident tomonidan 21.11.2024-yilda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1003-son qonun imzolandi.
Hujjat bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik-protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasini, raqamli dalillarni toʻplash, taqdim etish, mustahkamlash, koʻzdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yoʻq qilish tartibini belgilovchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron maʼlumotlarni ushbu maʼlumotlarning koʻchirma nusxasini elektron jismdan elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan boshka elektron jismga olish orqali taqdim etishga hakli.
Maʼlumot uchun: elektron maʼlumotlar elektron kurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan maʼlumotlardir.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron maʼlumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan birlamchi elektron jismlarni koʻzdan kechiradi.
Ish uchun ahamiyatga ega boʻlmagan elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.
Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet tarmogʻida saqlanayotgan maʼlumotlar, shuningdek boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalillardir.
Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlansa, yoʻl qoʻyiladi.
Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga yoʻl qoʻyilishi oʻzidan mazkur koʻchirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan taʼminlanadi.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi. sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qogʻozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron maʼlumotlar tarzida shakllantirilgan audio, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.11.2024-yildan kuchga kirdi.