Qayd etilishicha, Markaz tomonidan 17 ming 675 ta ekspertiza xulosalari hamda mutaxassis fikrlari berildi va bu koʻrsatgich oʻtgan yilning xos davriga nisbatan 672 taga oshgan. Markaz ekspertlari tomonidan 1 mln. 723 ming 995 ta obyektlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilib, 67 ming 414 ta savollar hal etildi.

Shunindek, ekspertiza va umumlashtirish natijasi boʻyicha 1 ming 241 ta profilaktik takliflar berilib, Markazda 1 ming 482 nafar sud va tergov organlari xodimlarining tajriba almashuvi tashkil etildi. Bundan tashqari, 120ma nafar sud ekspertlarining huquqiy bilimlari va 71 ta Markaz xodimlarining malaka oshirilishi taʼminlandi. 10 nafar nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarida ishlash istagini bildirgan tinglovchilar qayta tayyorlov kurslariga qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 73-son qarori bilan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomi” tasdiqlandi. Uning asosida Adliya vazirining tegishli buyrugʻi bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Shuningdek, Adliya vazirining buyrugʻi bilan Markazda oʻtkazilayotgan tadqiqotlar uchun yangi haq miqdorlari tasdiqlandi.

 “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertiza xulosalarini va mutaxassis fikrlarini taqrizdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tayyorlandi.Tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydani aniqlash boʻyicha yangi tadqiqot turini oʻtkazish boʻyicha uslubiyat tayyorlandi va amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, “Raqamli imzolarning haqiqiyligini aniqlash” va “Goʻsht va goʻsht mahsulotlarining halolligini aniqlash” nomli yangi sud ekspertiza va tadqiqot turlarini oʻtkazish boʻyicha uslubiyatlar loyihalari ishlab chiqildi.

Keng jamoatchilik vakillarini sud ekspertizasi toʻgʻrisida dastlabki tushuncha va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida “Sud ekspertizaga oid masalalar” yuzasidan elektron amaliy qoʻllanma ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, keng jamoatchilik vakillari uchun 14 marotaba “Ochiq eshiklar” kuni tadbirlari oʻtkazildi.