Maxsus qisqa muddatli malaka oshirish oʻquv kursi “Raqamli iqtisodiyot va korporativ boshqaruv” mavzusida boʻlib oʻtdi. Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va tizim korxonalari, jumladan, “Sirdaryo IES” AJ, “Tolimarjon IES” AJ, “Oʻzenergosozlash” MCHJ va “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ vakillari qatnashdi.
Tinglovchilar uchun “Korporativ boshqaruvning oʻziga xos jihatlari”, “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni shakllantirishning muhim jihatlari” va “Biznes modeli asosida raqamlashtirish strategiyasini ishlab chiqish” kabi yoʻnalishlarda maʼruzalar oʻqildi.
Oʻquv kursi doirasida Germaniyaning korporativ boshqaruv va raqamli iqtisodiyot yoʻnalishida katta natijalarga erishgan turli kompaniyalari va korxonalariga tashriflar, V2V formatidagi muzokaralar oʻtkazildi.
Mazkur oʻquv kursi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi koʻmagida tashkil etildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.