Har bir davlat va jamiyatning farovon hayot kechirishi, avvalo, kuchli iqtisodiyot orqali ta'minlanadi. Uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi  sanalmish biznes esa har qachongidan-da e'tibor talab qilinadigan sohadir. Darhaqiqat, tadbirkorlik uchun etarlicha taraqqiyot poydevorlari mavjud bo'lgan har bir davlatda ushbu soha gullab-yashnashi tabiiy hol. Qolaversa, bu borada xalqda ishonch va qiziqish hissi yuzaga keladi. YUrtimizda bu borada tashlangan dastlabki qadamlar natijasi yana va yana rivojlanishga undamoqda. Raqamlashtirish jarayonining asosiy ishtirokchi tarmoqlaridan hisoblangan iqtisodiyot, shu jumladan, tadbirkorlik sohasida bugungi kunga kelib salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Xo'sh, raqamli iqtisodiyot, ya'ni raqamli marketing nima va u qanday yuzaga kelgan, undan insoniyat qanday istiqbol kutadi? Texnologiya o'sishda va rivojlanishda davom etar ekan, raqamli marketing ham shu zaylda rivojlanadi deb taxmin qilish mumkin. Raqamli marketing raqamli iqtisodiyotning rivoji, raqamli iqtisodiyot esa bugungi dunyo davlatlarining taraqqiyoti uchun asosiy “drayver” vazifasini bajaradi. 

Hozirgi kunda deyarli barcha dunyo xalqlari raqamli texnologiyalardan bevosita yoki bilvosita foydalanmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, bu ko'rsatkich keyingi bir necha yil ichida juda katta sur'atlarda oshdi. Veb kichik va o'rta biznes uchun cheksiz imkoniyatlarni taqdim etdi, jumladan, raqamli reklama butun reklama harakatlarining muhim qismiga aylandi.

Raqamli marketing — bu raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mahsulot yoki xizmatlarning marketingi, asosan, internetda, shu jumladan, mobil qurilmalar, reklama va boshqa har qanday raqamli vositalar shular jumlasidandir.

1990 va 2000 yillardan buyon raqamli marketingning rivojlanishi brendlar va korxonalarning marketing uchun texnologiyadan foydalanish usullarini o'zgartirdi. Raqamli platformalar marketing rejalari va kundalik hayotga tobora ko'proq kiritilayotgani va odamlar jismoniy do'konlarga tashrif buyurish o'rniga raqamli qurilmalardan foydalanishlari sababli, raqamli marketing kompaniyalari keng tarqaldi. Xususan, yurtimizda ham shu kabi internet bozorlar, raqamli servislar ishga tushganiga guvoh bo'lishimiz mumkin, jumladan, Express.uz, Zoodmall.uz, Yandex taxi.uz, My taxi.uz va shu kabilar.

Forbes rasmiy reklama elektron manbasiga ko'ra, integratsiyalashgan global marketingga e'tibor kuchayadi,  iste'molchilarga bir xil mavzuning turli tomonlari bo'yicha elektron pochta kabi bir nechta kontent manbalari o'rtasida aloqa o'rnatish imkoni ortadi, kompaniyalarning ma'lumot va chuqur tahlillardan foydalanishi oshib ketadi.

Hozirda, raqamli iqtisodiyot rivojining zamonaviy bosqichida, O'zbekiston uning shakllanish davri va rivojlanishining yuqori dinamikasi bilan xarakterlanadi. Mavjud jahon tendentsiyalarini e'tiborga olib, O'zbekiston uchun jamiyat hayotining barcha sohalarida AKTni jadal qo'llash, shuningdek raqamli texnologiyalarning umumiy rivojlanishi innovatsiyalarni harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi hamda jahon iqtisodiyotiga integratsiya va uyg'unlashish imkonini beradi. Ko'pgina davlatlardagi kabi, ushbu ilmiy tadqiqotlar respublikamiz uchun dolzarb hisoblanadi. O'zbekistonda raqamli iqtisodiyot rivojlanishining o'ziga xos tomonlari uning shakllanishini o'rganish va tahlil qilish, shuningdek, korxonalarda zamonaviy AKT tatbiq qilishning asosiy muammolarini aniqlash, raqamli iqtisodiyot shakllanishi sharoitida korxona faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Muvaffaqiyatga erishish uchun ertangi kundagi raqamli marketing kompaniyalari ushbu kelajakdagi muammolarni hal qilish va sanoatning oldingi saflarida qolish uchun ta'lim va ko'nikmalarga ega ishchi kuchiga muhtoj bo'ladi.

Raqamli marketing elektron qurilma yoki internetdan foydalanadigan barcha marketing harakatlarini o'z ichiga oladi. Korxonalar joriy va bo'lajak mijozlar bilan bog'lanish uchun qidiruv tizimlari, ijtimoiy media, elektron pochta va boshqa veb-saytlar kabi raqamli kanallardan foydalanadi.

Raqamli maketing bizga an'anaviy usullardan ko'ra ko'proq auditoriyaga erishishga yordam beradi va mahsulot yoki xizmatimizni sotib olish ehtimoli yuqori bo'lgan istiqbolga yo'naltiradi. Bundan tashqari, u an'anaviy reklamaga qaraganda ko'pincha tejamliroq bo'lib, muvaffaqiyatni har kuni sarhisob qilish va o'zimiz xohlagan usulda harakatlantirish imkonini beradi.

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, raqamlashtirishning yuqori sur'atda o'sib borishi yaqin kelajakda haqiqatda ulkan o'zgarish hamda ijobiy natijalarga olib keladi. Ayniqsa, iqtisodiyotga bo'lgan ta'siri hamda o'zgarishi sezilarli darajada bo'lishi va bu kutilgan kelajakning o'ziga xos musbat hosilasini yuzaga keltiradi. Ushbu yo'nalishni qo'llab-quvvatlashimiz hamda jarayonning bevosita ishtirokchisi yoki qaysidir ma'noda unga katalizator bo'lishimiz kerak.

Sayohat AHROROVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti o'qituvchisi