Mazkur majlisda davlat rahbari O‘zbekistondagi barcha sohalarda raqamli transformatsiya muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Prezidentning rivojlanayotgan texnologiyalarni o‘zlashtirish, mustahkam kiberxavfsizlik asoslarini va ilg‘or raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda mamlakatimizni farovon raqamli kelajak sari yo‘naltirish uchun ixtisoslashtirilgan ta’limni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli ko‘rsatmalari ayni davr uchun juda muhim va kelajak rivojiga yo‘naltirilgandir.

Ta’kildash joiz, oxirgi yillarda O‘zbekistonda raqamlashtirish ko‘lami juda tezlashdi. Birgina davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasini oladigan bo‘lsak, 300 dan ortiq xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda “Litsenziya” axborot tizimi orqali interaktiv shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi va ulardan 8 million nafardan ortiq fuqaro foydalanmoqda.

Yig‘ilishda Prezidentimiz raqamli tizimlarga ishonchni uyg‘otadigan mustahkam kiberxavfsizlik asoslari zarurligini ta’kidladi. Boisi elektron hukumat xizmatlari, onlayn tranzaksiyalar va internetga ulangan texnologiyalar butun mamlakat bo‘ylab kengayib borayotgan bir paytda kiberxavfsizlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston BMTning elektron boshqaruv bo‘yicha reytingida jahon miqyosida 69-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, bu muvaffaqiyatni saqlab qolish uchun kiberxavfsizlikning huquqiy rejimlarini faol ravishda kuchaytirish zarur.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, aholining raqamli savodxonligini oshirish yana bir zaruriy shartdir. “Bir million dasturchi” loyihasi kabi tashabbuslar allaqachon 1,2 million nafardan ortiq yoshlarni asosiy dasturlash ko‘nikmalariga o‘rgatgan. Endilikda Raqamli texnologiyalar vazirligiga har yili 8 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish vazifasi qo‘yildi. Bu degani biz hayotni o‘zgartiruvchi raqamli yechimlardan nafaqat foydalanadigan, balki yaratadigan avlodni tarbiyalash ortidan yurishni boshlaymiz. Barcha ta’lim muassasalari, jumladan, oliy ta’lim tashkilotlari bo‘lajak avlodda raqamli ko‘nikmalarni shakllantirishi, maxsus ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklar joriy etishi hamda ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirishi zarur.

Bunday davr talabidan kelib chiqib Toshkent davlat yuridik universitetida 2021-yilda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Kiber huquq” boʻyicha magistratura dasturi, soʻngra 2022-yilda maxsus “Kiber huquq” kafedrasi tashkil etildi. Universitetda yangi ixtisoslashtirilgan taʼlim, jumladan, kiber huquq, sun’iy intellekt, robototexnika va huquq, kiberxavsfizlik, kiber gigiyena va shu kabi fanlar kiritilib, raqamli munosabatlar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq huquqiy muammolar doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borilishi yo‘lga qo‘yildi hamda bu yo‘nalishda bir nechta dissertatsiyalar himoya qilindi. Samarali qonunchilikni ishlab chiqa oladigan, hukumatga ham, biznesga ham maslahat bera oladigan yuridik ekspertlarni tayyorlash Oʻzbekiston oʻzining raqamli kelajagini belgilab berayotganda juda muhim hisoblanadi va bunga Toshkent davlat yuridik universiteti kadrlarni tayyorlashda ilg‘or bo‘lib kelmoqda.

Ta’kidlash kerak, joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda 500 dan ortiq yangi IT-kompaniyalar ishga tushirilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri 475 million dollar xorijiy investitsiyalar jalb etildi. AKT sohasining yalpi mahsuloti tez orada 10 milliard dollarga yetishi, eksport hajmi esa 300 million do.llardan oshishi kutilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, moliya, transport va boshqa sohalardagi infratuzilma va operatsiyalarni raqamlashtirish orqali mahsuldorlik va shaffoflik keskin oshadi.

O‘zbekiston o‘zining raqamli transformatsiya bo‘yicha izlanishlarini shijoat bilan olg‘a surar ekan, shu paytgacha erishilgan muvaffaqiyatlar boshqa rivojlanayotgan davlatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq bu jarayonlarni huquqiy ta’minlash, sohada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olish va hal etishning huquqiy mexanizmlarini yaratish ham muhimdir.

Ushbu to‘siqlarni hal qilish uchun jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalarini, investitsiyalarni rag‘batlantirish siyosatini, xalqaro hamkorlik asoslarini va izchil yuqori darajadagi etakchilikni o‘z ichiga olgan ko‘p qirrali barchaning birgalikdagi faoliyatini talab qiladi. Eng muhimi, davlat va xususiy sektor Prezidentning raqamli imkoniyatlarga ega va kiberxavfsiz O‘zbekiston haqidagi buyuk qarashlarini amalga oshirish uchun ustuvor yo‘nalishlarda ishlashi va faoliyatini muvofiqlashtirishi kerak.

Prezident taʼkidlaganidek, agar biz oʻz resurslarimiz va isteʼdodlarimizni birgalikda yoʻnaltirsak, yosh avlodni raqamli ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratib, yangi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitsak, yurtboshimiz ta’kidlaganidek mamlakatimizni mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirishga erishamiz.

Islambek Rustambekov,

Yuridik fanlari doktori, professor.

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.b