“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizni mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirish vazifasi belgilangan. Shu maqsad yo‘lida raqamli texnologiyalar bosqichma-bosqich rivojlantirib kelinmoqda. Barcha hududlarda IT-parklar tashkil etilib, bu sohada o‘qish va ishlash uchun imkoniyat kengaydi. Internet tezligi va qamrovi oshdi. 190 mingdan ziyod aholi ishli bo‘ldi.
So‘nggi yillarda sohada 3 milliard dollar investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2017-yilga nisbatan 8,5 barobar o‘sib, ularning soni mingtadan oshgan. Bugun soha vakillarining har o‘ntadan bittasi shunday xalqaro korxona. Shuningdek, yetti yil avval 12 ta eksportchi korxona bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 650 ta bo‘ldi. Yil yakuni bilan axborot texnologiyalari va aloqa xizmatlari eksporti 900 million dollardan oshadi.
Hayotning turli jabhalarida sun’iy intellektni qo‘llash kengaymoqda. Shunday texnologiya asosida 20 dan ortiq loyihalar ishga tushdi. Tarmoq va yirik korxonalar bo‘yicha yana 70 ta loyiha ishlab chiqildi. Sun’iy intellektga tayyorlik xalqaro indeksida O‘zbekiston 17 ta pog‘onaga ko‘tarildi.
Bu yo‘nalishga e’tiborning davomi sifatida, O‘zbekiston Prezidentining shu yil 14-oktyabrdagi qarori bilan Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Unda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ulushini ko‘paytirish, texnik infratuzilmani kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish kabi qator chora-tadbirlar belgilangan.
Taqdimotda raqamli texnologiyalar vaziri kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar haqida axborot berdi.
Jumladan, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushiriladi. Startaplarga sharoit yaratish uchun Toshkent axborot texnologiyalari va Inxa universitetlarida sun’iy intellekt bo‘yicha laboratoriyalar ochiladi. Davlat idoralarining 3 ming nafar xodimi, hokimlar va o‘rinbosarlarining bu borada malakasi oshiriladi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt asosida ishlaydigan loyihalar sonini 100 taga, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 50 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Tarmoq korxonalarida boshlangan transformatsiya ijobiy natija berayapti. Shu yilning o‘zida telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 16 foizga oshib, 21 trillion so‘mga yetgan. “O‘zbektelekom” kompaniyasi daromadi 9 trillion so‘mdan oshgan.
Endi kelgusi yil boshqaruvni to‘liq raqamlashtirib, xarajatlarni iqtisod qilish, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etib, xalqaro reytingni olish zarurligi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston pochtasi” tizimida ham o‘zgarish bor. Bu yil tushumlar 1,4 barobar, eksport 20 foiz oshgan. Yangi turdagi xizmatlar joriy qilingani natijasida jo‘natmalar soni 50 foiz ko‘paygan.
Rejaga ko‘ra, kelasi yil 1 ming 600 ta pochta bo‘linmasida elektron tijorat mahsulotlarini topshirish yo‘lga qo‘yiladi. Raqamli saralash markazi ochilib, bunday tovarlar va pochta jo‘natmalariga ishlov berish sifati yaxshilanadi. Bu maqsadlar uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan mablag‘ jalb qilinadi.
Soha uchun muhim asos – telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Endi bunga tayanib, barcha tarmoq va hududlar kesimida raqamlashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi.
Jumladan, kelgusi yilda 6 mingta yangi tayanch stansiya quriladi. 30 ming kilometr optik tolali kabellar tortilib, qamrovi 98 foiz bo‘ladi. Soha eksportini 1,2 milliard dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi haqidagi qonun ishlab chiqilishi soha rivoji uchun yana bir katta yangilik bo‘ladi. “Enterprise Uzbekistan” nomli ushbu markazda “ingliz huquqi” tamoyillari, kapitalning erkin harakati, xalqaro standartdagi mehnat munosabatlari, xorijiy bank filiallari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Taqdimotda sun’iy intellektga doir qonuniy asoslarni yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.