Avval xabar berganimizdek, shu yilning 22-28-may kunlari ilk bor bizning mamlakatimizda “Yevroosiyo xalqaro teatr sanʼati” festivali boʻlib oʻtdi.
Bir hafta davom etgan nufuzli tadbirda Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilgan Xalqaro teatr sanʼati festivali doirasida Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Belorusiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston hamda respublikamiz teatr jamoalari oʻz spektakllari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Festivalning tantanali yopilish marosimi poytaxtimizdagi Turkiston sanʼat saroyida boʻlib oʻtdi.
— Birinchi marta Yevroosiyo teatr sanʼati festivali Oʻzbekistonda tashkil etildi. Albatta, kamchiliklar, oʻziga xos qiyinchiliklar boʻladi. Nima boʻlgan taqdirda ham oʻylaymizki, teatr haftaligi — doʻstlik haftasi boʻldi. Shuningdek, barcha teatr fidoyilari uchun manfaatli boʻldi, deyish mumkin. Ochigʻi, biz musobaqalashishni nazarda tutmadik. Biz hamkorlik qilmoqchimiz. Koʻproq doʻstlar orttirmoqchimiz. Zero, bugungi kunda dunyoda inson madaniyatiga birmuncha putur yetdi. Yer yuzidagi koʻplab muammolar mana shu jihatga borib taqalyapti. Inson madaniyatini shakllantirishda esa, teatrlar muhim oʻrin tutadi. Dunyoga maʼrifat, maʼnaviyat bilan taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan sanʼat turi — teatr ekan, dunyo — bu biz, atrofdagi doʻstlarimiz. Bugun ana shu doʻstlarimiz, ijodiy hamkorlarimiz bilan teatrlarga tomoshabinlarning tashrif buyurishida, spektakllarga boʻlgan munosabatda kuzatilayotgan muammolar yuzasidan ham hamfikr boʻldik. Ayni masalalar yuzasidan birgalikda bosh qotiryapmiz, mulohaza yurityapmiz. Zero, ayni paytda davlatimiz rahbari yuritayotgan xalqaro siyosatning negizida ham dunyo bilan raqobatlashib emas, hamkorlikda rivojlanish maqsadi turgani bejiz emas. Shunday ekan, biz doʻstlik bayrogʻi ostida birlashyapmiz. Teatrlarimizdagi yutuqlarni ham, muammolarni ham barchamiz oʻzimizniki deb qabul qilishga harakat qilyapmiz. Bu esa, teatrlar oldida turgan ogʻriqli muammolarga yechim topishda katta oʻrin tutadi, — dedi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Madaniyat vaziri festivalning faxriy mehmonlarini esdalik sovgʻalari bilan samimiy qutlar ekan, ularning har biriga alohida minnatdorlik bildirdi.
— Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan Xalqaro festivallar butun dunyoni birlashtiryapti, deyish mumkin. Shundoq ham Qirgʻiziston bilan Oʻzbekiston asrlar davomida birodar boʻlib kelgan, — deya soʻz boshladi Qirgʻiziston respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati siyosati vazirining birinchi oʻrinbosari Gʻayrat Imonaliyev. — Oʻylaymanki, Yevroosiyo teatrlari boshini biriktirayotgan ushbu festivalning ham kelajagi buyuk boʻladi. Nufuzli tadbirning birinchi bor Toshkentda boʻlayotgani ham juda toʻgʻri. Oʻzbekiston qadimiy, yuksak madaniyat beshigi. Koʻplab mohir aktyorlarimiz Toshkentda taʼlim olgan. Shuning uchun Oʻzbekistonga oshiqib, quvonch bilan kelishadi. Avvalo, yurtingizda madaniyat sohasiga jiddiy eʼtibor qaratyotgani uchun Shavkat Mirziyoyevga, xalqlar doʻstligini mustahkamlayotgan xalqaro festivallarni tashkillashtirayotgani uchun Oʻzbekiston Madaniyat va turizm vazirligiga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, turkmanistonlik, fransiyalik, ozarbayjonlik va boshqa xorijlik ishtirokchilar taniqli teatr sanʼati vakillari ham ayni shu tarzda Oʻzbekiston bilan madaniy aloqalarning, birodarlik rishtalarining mustahkamlanayotganidan minnatdorligini bildirdi.
Festival ayniqsa teatr sanʼatining yosh vakillariga ulkan tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi, degan umidamiz. Oʻzbekiston davlat drama teatri aktrisasi Gulruh Pirnazarova bu boradagi fiklarini aytar ekan, shunday dedi:
— Hamma aktyor va akrisalarning ham turli davlatlarga borib, ularning spektakllarni tomosha qilib kelish imkoni boʻlavermaydi. Internet orqali koʻrish esa boshqa narsa, zero teatr jonli sanʼat. Yosh aktrisa chet ellik teatr sanʼati vakillari uni sahnadan tashqari holatda ham tanigani, “O, Julyetta” deya eʼtirof etganidan baxtiyor.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri