O‘rganishlar davomida gaz sarfini hisoblashda gaz taqsimlash stansiyasi (GTS)da o‘rnatilgan asosiy hisoblagich o‘rniga shoxobchadagi ikkinchi hisoblagichning yuqoriroq ko‘rsatkichlari asos qilib olingani aniqlandi. Natijada gaz hajmi sun’iy ravishda oshirib hisoblangan va gaz uzatish tashkiloti hisoblagichi bilan hisob-kitob qilingan hajm o‘rtasida 42 149 kub metr tafovut yuzaga kelgan.

Qo‘mita mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ikkinchi hisoblagich ko‘rsatkichlari asos qilib olinishi qonunchilik talablariga mos emasligi, hisoblagichlar o‘rtasidagi tafovutga gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan yetarli texnik yoki metrologik asoslar taqdim etilmagani hamda bu holat natijasida tadbirkordan qariyb 96 mln so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz ortiqcha undirilgani aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan "Hududgazta'minot" AJ hamda "Hududgaz Qoraqalpog‘iston" gaz ta’minoti filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda fermer xo‘jaligidan ortiqcha hisoblangan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qayta hisob-kitob qilib qaytarish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

"Hududgazta'minot" AJ tomonidan  ushbu qarzdorlik korporativ hisob-kitob tizimi orqali qayta hisoblanib, 96 mln so‘mdan ortiq mablag‘ "Burgutqal'a Saodati" fermer xo‘jaligi foydasiga hal etilishi ta’minlandi.