Raqobat qoʻmitasi birjada Ai-80 benzini boshlangʻich narxiga cheklov oʻrnatdi

    Bugundan boshlab Ai-80 benzini narxining sotuvchining boshlangʻich narxiga nisbatan 5 foiz miqdorida oʻsishiga cheklov joriy etildi.

    Raqobat qoʻmitasi tovar-xom ashyo birjasida Ai-80 avtomobil benzini narxining yuqori chegarasini belgiladi, deb xabar bermoqda “Spot”.

    Qayd etilishicha, qoʻmitaning 12-noyabrdagi topshirigʻiga koʻra, chorshanba kunidan boshlab Ai-80 benzini narxining sotuvchining boshlangʻich narxiga nisbatan 5 foiz miqdorida oʻsishiga cheklov joriy etildi. Bundan tashqari, bitta qoʻlga 4 tonna benzin sotish cheklovi ham saqlab qolinadi.

    Shunday qilib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqargan benzinning dastlabki narxi bir tonnasi uchun 8 931 005 soʻmni tashkil etsa, joriy etilgan cheklovni hisobga olgan holda bir tonna benzinning eng yuqori narxi 9 377 555,25 soʻmga teng boʻladi.

    Noyabr oyida Ai-80 benzinining birja narxi bir tonna uchun 10 million soʻmdan oshib ketdi. Bir yil avval Ai-80 benzinning tonnasi oʻrtacha 7 million 228 ming soʻmdan sotilgan.

    Bundan avval qoʻmitanning 5-noyabrdagi topshirigʻiga koʻra suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlangʻich narxiga nisbatan 20 foiz miqdorida cheklov (spred) joriy etilgandi. Narxlarning keskin pasayishiga qaramay, birjadagi propan taklifi deyarli ikki baravar kamaydi — 2 ming tonnadan 1 ming tonnagacha.