Oʻtkazilgan oʻrganish davomida viloyatda faoliyat yurituvchi 2 ta korxona “AGRO BRAVO” MCHJ va “SAM KOMILJON FAYZ” MCHJlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan muzqaymoq mahsulotlarida Mars, Incorporated kompaniyasiga tegishli boʻlgan va avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan “MARS”, “SNICKERS”, “DOVE” tovar belgilaridan va unga oʻxshash belgilardan va nomlardan foydalangani, buning oqibatida insofsiz raqobatga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.
Mazkur holatlar boʻyicha “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunining 21-moddasi (xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish) talablari buzilgani tasdiqlandi.
Oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan korxonalarga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan tegishli tartibda ishlar qoʻzgʻatildi. “AGRO BRAVO” MCHJ va “SAM KOMILJON FAYZ” MCHJlarga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Shuningdek, qonun buzilish holatini toʻxtatish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli koʻrsatmalar berildi.