Davlat rahbari tomonidan saxovat va mehr-oqibat oyida aholi uchun ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgan.
Shu munosabat bilan Raqobat qoʻmitasi tomonidan yirik savdo tarmoqlari hamda respublika hududlaridagi savdo komplekslariga koʻrsatmalar yuborildi, deya xabar berdi Qoʻmita axborot xizmati.
Unga koʻra:
- Ramazon oyi arafasida talab keskin oshadigan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash;
- Chakana savdo tarmoqlariga mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan narxlarni oʻzgartirish holatlari, logistika xarajatlari va narx oshishiga olib kelishi mumkin boʻlgan boshqa omillar haqida Qoʻmitani tezkor xabardor qilib borish;
- Yetkazib beruvchilarni asossiz narx oshirishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan ogohlantirish choralarini koʻrish belgilangan.
Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrilishini maʼlum qildi.