Raqobat qoʻmitasi reklama bilan ishlovchilarni ogohlantirdi

    Mamlakatimizda 30 Aprel 2025 870

    Raqobat qoʻmitasi reklamalarda narxlarni xorijiy valyutalarda koʻrsatish mumkin emasligini eslatib, reklama bilan ishlovchilarni rasman ogohlantirdi.

    Qayd etilishicha, oxirgi vaqtda Qoʻmita tomonidan oʻtkazilayotgan monitoringlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) reklamalarida narxlarni xorijiy valyutalarda koʻrsatish keng tarqalayotganligi kuzatilmoqda.

    Ushbu holatlar yuzasidan Raqobat qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi:

    Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida koʻrsatish taqiqlanadi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Qonunda isteʼmolchilarga — jismoniy yoki yuridik shaxslarga yoʻnaltirilgan reklama uchun istisnolar belgilanmagan. Qiymat koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan har qanday reklama-axborotida narxlar soʻmda koʻrsatilishi kerak.

    Shu bilan birga, narxlarni soʻmda koʻrsatishga doir talablar har qanday ochiq reklama-axborotiga, shu jumladan, internet tarmogʻida erkin foydalanishi mumkin boʻlgan ochiq sahifaga joylashtirilgan axborotlarga ham bevosita taalluqlidir.

    Yuqoridagilarga koʻra, Raqobat qoʻmitasi reklama beruvchi, tayyorlovchi va reklama tarqatuvchilarni rasman ogohlantiradi!

    Reklama-axborotida tovar (ish, xizmatlar) toʻgʻrisida maʼlumotlarni xorijiy valyutada koʻrsatilishi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishiga olib keladi hamda tegishli javobgarlikka sabab boʻladi, — deyiladi xabarda.