Raqobat qoʻmitasi yolgʻon chegirmalar va soxta aksiyalar boʻyicha tadbirkorlarni ogohlantirdi

    Joriy yil davomida Raqobat qoʻmitasiga kelib tushgan 48 mingdan ziyod murojaatning asosiy qismi — isteʼmolchilarga chegirma yoki aksiya haqida notoʻgʻri, chalgʻituvchi va toʻliq boʻlmagan axborot berilgani bilan bogʻliq.

    Bu haqda Qoʻmita axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, yangi yil bayrami oldidan savdo jadalligi ortishi munosabati bilan koʻplab doʻkonlar, onlayn savdo maydonlari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan “50% chegirma”, “birini oling — ikkinchisi tekin”, “faqat bugun”, “yilning eng katta aksiyasi” kabi eʼlonlar tarqalmoqda.

    Qoʻmita bu kabi takliflar isteʼmolchilar manfaati yoʻlida amalga oshirilsa, ularni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.

    Biroq ayrim tadbirkorlar oʻz manfaatini koʻzlab chegirmalarni sunʼiy ravishda boʻrttirishi, tovarning avvalgi real narxini oshirib qoʻyib, chegirma qoʻyilgandek koʻrsatishi, yoki aksiya haqidagi muhim maʼlumotlarni yashirishi holatlari aniqlanmoqda.

    Raqobat qoʻmitasi maʼlum qilishicha, joriy yil davomida kelib tushgan 48 mingdan ziyod murojaatning asosiy qismi — isteʼmolchilarga chegirma yoki aksiya haqida notoʻgʻri, chalgʻituvchi va toʻliq boʻlmagan axborot berilgani bilan bogʻliq.

    Bunday xolatlar, ayniqsa, onlayn savdo platformalari va kichik chakana savdo nuqtalarida koʻproq uchrayotgani qayd etilgan.

    Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalariga koʻra, har bir sotuvchi:

    • chegirma qoʻyilgan tovarning oxirgi 30 kundagi eng past narxini qayd etishi,
    • chegirma miqdorini aniq foiz yoki summada koʻrsatishi,
    • chegirma qoʻllaniladigan tovar soni cheklangan boʻlsa — bundan isteʼmolchini oldindan xabardor qilishi,
    • chegirmaning boshlanish va tugash sanasini yozishi,
    • isteʼmolchi talab qilganda tovarning chegirmagacha boʻlgan narxi haqida anoq maʼlumot taqdim etishi,
    • agar chegirma shaxsiy maʼlumotlarni taqdim etish evaziga amalga oshirilsa — bu maʼlumotlar qanday qayta ishlanishi haqida oldindan maʼlum qilishi shart.

    Shu bilan birga, ayrim tovarlar boʻyicha chegirma yoki ragʻbatlantiruvchi aksiyalar umuman taqiqlangan. Jumladan:

    • alkogol mahsulotlari,
    • tamaki va nikotin isteʼmol qilinishiga moʻljallangan vositalar,
    • dori vositalari va BADlar,
    • energetik ichimliklar.

    Ularni reklama qilishda chegirma, bonus, bellashuv yoki “oʻyin” tarzidagi ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish qatʼiy taqiqlanadi.

    Raqobat qoʻmitasi tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablarini buzmaslikka, isteʼmolchini chalgʻitmaslikka chaqirdi. Yolgʻon chegirma yoki soxta aksiya aniqlangan taqdirda moliyaviy jarima, belgilangan tartibda javobgarlik choralari, reklama faoliyatini toʻxtatish kabi qatʼiy sanksiyalar qoʻllanilishi belgilandi.

    Qoʻmita tadbirkorlarga huquqiy yordam va tushuntirish ishlarini oʻtkazishga tayyor ekanini ham qayd etdi.