Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarning erkin harakatlanishini taʼminlash, raqobat muhitini himoya qilish, tovar, moliya va raqamli bozorlarni samarali faoliyat koʻrsatishga sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Unda 2012-yilda qabul qilingan “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonunlar birlashtirilgan. Tabiiy monopoliya va ustun mavqega ega subyektlarga qoʻyiladigan talablarning aksariyat qismi birxillashtirilgan.
Bundan tashqari, Qonun bilan bir qator yangi tushunchalar, yaʼni monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi, moliya bozori tushunchasi kiritilyapti.
Shuningdek, raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan davlat tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmak samaradorligini baholash orqali, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash maqsadida Qonunda davlat yordami
berilishiga va tadbirkorlik faoliyatida davlatning ishtirok etishiga nisbatan raqobatni cheklash kabi talablar kiritilyapti.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, maʼmuriy javobgarlik choralari qayta koʻrib chiqilyapti.
Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.