Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyotlari auditdan oʻtkaziladi

    Hukumat qarori (627-son, 06.10.2025-y.) bilan “Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyotlarini auditdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, statistika uslubiyotlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan auditdan oʻtkaziladi.

    Tayyorlovchining statistika uslubiyotlarini auditdan oʻtkazish Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan statistikani ishlab chiquvchilar bilan kelishgan holda har yili tasdiqlanadigan reja-jadvalga asosan tashkil etiladi.

    Bunda tayyorlovchida statistika uslubiyotlarini auditdan oʻtkazish besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.

    Quyidagilar auditning asosiy vazifalari hisoblanadi:

    • foydalanilayotgan statistika uslubiyotlarining xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi yuzasidan baholash;
    • tayyorlanayotgan va eʼlon qilinayotgan statistika maʼlumotlarining foydalanilayotgan statistika uslubiyotlariga mosligini aniqlash;
    • aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga, statistika uslubiyotlarini va statistika maʼlumotlarini tayyorlash faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqish.

    Milliy statistika qoʻmitasi har yili 1-dekabrga qadar tayyorlovchining statistika uslubiyotlarini auditdan oʻtkazish boʻyicha kelgusi yil uchun audit oʻtkazish reja-jadvalini tasdiqlaydi.