Ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjat xodimlarni kasbiy xavf-xatardan himoya qiladi

    Ijtimoiy hayot 4 May 2023 1850

    Senatning qirqinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy qonunchilik yoki meʼyoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

    Senatorlar tomonidan Konvensiyani ratifikatsiya qilishda tizimli nazorat choralarini, shu jumladan, ish joylarida mehnat sharoitlarini, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining ogʻirligi va tigʻizligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash belgilanganligi taʼkidlandi.

    Muhokama jarayonida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga sezilarli turtki berishi qayd etildi.

    Ushbu Konvensiya jahonning 47 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

    Senatorlar Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirishga, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik boʻyicha xalqaro standartlarning samarali joriy etilishini taʼminlashga xizmat qilishini, shuningdek, mamlakatimizning xodimlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy xalqaro tamoyil va standartlarga sodiqligini namoyish etishini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.