Har kuni shu ahvol, suv sepmasa, mashinalar qatnovidan koʻtarilgan chang-toʻzon uyiga yopiriladi. Yogʻingarchilik kunlari esa loy koʻchada qadam bosib boʻlmaydi. Shu oʻylarda suv toʻla chelagini koʻtargancha darvoza eshigini ochar ekan, koʻz oldida boʻlayotgan ishlarga tushunmay biroz qarab qoldi. Bir necha yuk mashinalari yoʻlga shagʻal toʻkyapti, yoʻlsozlar esa allaqon ishga kirishgan.

“Shu haftaning oʻzida koʻchamiz asfalt boʻladi”. Masʼullarning vaʼdalarini koʻp eshitaverib, yoʻl taʼmirlanishiga ishonmay qoʻygan Oynisa aya mahalla raisidan shu gapni eshitgan bugungi kun kechagi kun emasligini, aytilayotgan soʻzlar amalda oʻz ifodasini topayotganini his etdi.

Bugun Navoiy viloyatida yoʻl qurilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar salmoqli. Hududlarda umumfoydalanishdagi va ichki taʼmirtalab yoʻllar bosqichma-bosqich, zamon talablari asosida beton qoplamali yoki asfalt yoʻllarga aylantirilmoqda. Aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammo oʻz yechimini topmoqda.

Jumladan, Navbahor tumanida 4R-57 umumfoydalanishdagi avtomobil yoʻlining 8 kilometr qismidagi qurilish va rekonstruksiya ishlari bormoqda. Oʻndan ortiq maxsus texnika hamda 30 ga yaqin ishchi-xodim yoʻlni kengaytirish, piyodalar yoʻlagi qurish, tungi yoritgichlar oʻrnatish va koʻrkam gulzor yaratish bilan band. 4R-57 avtomobil yoʻlida boshlangan ishlarni joriy yil yakuni bilan toʻliq nihoyasiga yetkazish koʻzda tutilgan.

– Bu yoʻlning eni 9 metr edi. Hozir yoʻlni kengaytirish natijasida asfalt qoplamaning eni 19 metr yetmoqda, qoʻshimcha yana 3 metr enlilikda piyodalar yoʻlakchasi qurilmoqda. Ayni vaqtda taʼmirlanishi rejlashtirilgan 8 kilometr yoʻlning 4 kilometrini foydalanishga topshirish arafasidamiz. Qolgan qismida asfaltlashtirish va piyodalar yoʻlaklariga beton qoplamalarni yotqizish ishlari davom etmoqda, – deydi “Navoiy yoʻllardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi yoʻl boʻlimi boshligʻi Rustam Xudoyqulov.

Navbahor tumanidan oʻtuvchi Qalqonota-Sarmish 4N-361 umumfoydalanishdagi yoʻlning 5 kilometr qismidagi joriy taʼmirlash ishlariga tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasining 30 ga yaqin ishchi-xodimi hamda 20 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan. Loyihaning  qiymati 5 milliard 300 million soʻmni tashkil etadi. Bu yoʻlning ravon boʻlishi sayyohlik salohiyatiga ega hududga tashrif buyuradigan mahalliy hamda xorijiy sayyohlarning xavfsiz harakatlanishi uchun ham qulaylik yaratadi.  

Oʻtgan 2022-yilda Navoiy viloyatida davlat dasturlari doirasida 1 128 kilometr avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan boʻlib, amalda 1162 kilometr yoʻllar taʼmirlandi. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida umumiy foydalanishdagi 6 ta avtomobil yoʻlida pudratchi korxonalar tomonidan 106 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Shu bilan birga, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida 58,6 milliard soʻm hisobiga 186 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarini aniqlash uchun tender savdolar oʻtkazilib, shartnomalar tuzildi va ushbu tashkilotlar tomonidan 189 kilometr yoʻl joriy taʼmirlandi. Shundan 41,7 kilometr yoʻl asfalt, 32 kilometrda sementbeton qilindi, 116 kilometriga shagʻal toʻkildi.

Navoiy viloyatida umumfoydalanishdagi avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash dasturi uchun ajratiladigan mablagʻ hisobidan 258 kilometr yoʻlning holatini yaxshilash koʻzda tutilgan boʻlib, joriy yilning oʻtgan davrida 143 kilometr yoʻllarda taʼmirlash ishlari bajarildi, 585 kilometr yoʻlida yoʻl yotiq chiziqlari chizilib, intensiv nur qaytaruvchi 324 dona yangi yoʻl belgisi oʻrnatildi.

Navoiy shahrida 297 kilometr yoʻlda yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilmoqda. Fuqarolar murojaatlari asosida dastlab Mahmud Tarobiy koʻchasidan boshlangan joriy taʼmirlash jarayonlari ayni paytda Islom Karimov shohkoʻchasi hamda Alisher Navoiy koʻchalarida davom ettirilmoqda. Mavjud nosozliklar bartaraf etilayotgani, eng avvalo, yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Haydovchilar ham bu ijobiy oʻzgarishlardan mamnun.

– Anomal sovuq va yogʻingarchiliklardan keyin shahar koʻchalarida avtotransportda yurish qiyin boʻlib qolgandi. Yoʻllardagi oʻydim-chuqurlar chuqurlar yoʻqotilayotganidan xursandmiz, – deydi haydovchi Javohir Toshmurodov.

Bosqima-bosqich davom etayotgan taʼmir jarayonlari bois qishloqlardagi tuproq yoʻllardan koʻtarilgan chang endi Oynisa aya kabi fuqarolarni bezovta qilmaydi, avtomobillar chuqurlarga tushmaydi.

Muhimi ham shu aslida! Xalqni rozi qilish, ularga munosib turmush sharoiti yaratish, zamonaviy infratuzilmalarni barpo etish inson qadri uchun tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir.

Gʻolib ABDUSALOMOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri