Prezidentimizning 2020 yil 12-13 noyabr` kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida viloyat hududida uglevodorod xomashyo zaxiralarini ko'paytirish bo'yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida “Razzoqbobo” gaz kondensat konidagi navbatdagi quduqdan gaz oqimi olindi.

“Razzoqbobo” maydoni Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani hududida joylashgan bo'lib, “O'zbekneftgaz” AJning Muborak neft` va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hududiga to'g'ri keladi. Ushbu maydon O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi tomonidan “O'zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatiga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun berilgan.

Mazkur konda geologiya-qidiruv ishlarini davom ettirish maqsadida 2021 yilning 11 avgust kuni 2-sonli izlov qudug'i burg'ilashga kiritildi va quduq 2900 metr loyihaviy chuqurlikgacha burg'ilandi.

Geologlarimizning samarali mehnatlari evaziga 2022 yil ham muvaffaqiyatli boshlandi. 4 yanvar` kuni “Razzoqbobo” konidagi 2-sonli quduqni 2850-2756 metr oralig'ini fil`tr orqali sinash natijasida terrigen yura davri yotqiziqlarining mahsuldor qatlamidan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olishga erishildi. Quduqning boshlang'ich erkin debiti 200 ming kub metrni tashkil etmoqda.

Hozirgi vaqtda ushbu quduqda mahsuldor qatlamning bosimi, harorati va kon-geologik parametrlarini aniqlash hamda uning sanoat miqyosida ishlab chiqarish quvvatlarini baholash maqsadida, geologik-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

“Razzoqbobo” konida “O'zbekneftgaz” AJ bo'yicha 2022 yilga mo'ljallangan uglevodorod xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta hosil qilish dasturi doirasida navbatdagi 3-, 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarini burg'ilash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

“Razzoqbobo” tuzilmasi “O'zbekgeofizika” AJ tomonidan 2020 yilda 2D seysmoqidiruv ishlari natijasida chuqur burg'ilashga tayyorlagan bo'lib, 2021 yilda 1-sonli izlov qudug'idan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olinishi natijasida “Razzoqbobo” koni ochilgan.

Ma'lumot uchun: Razzoqbobo maydonining o'lchami 14,5 kv.km., S3 toifali istiqbolli tabiiy gaz resursi – 2776,3 mln kub metr, kondensat resursi – 212,2 ming tonna va neft` resursi – 493 ming tonnani tashkil etadi.

“O'zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati