Refinitiv kompaniyasi OʻzRVB infratuzilmasini raqamlashtirishda koʻmaklashadi

    “Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasi” AJ (OʻzRVB) Bosh direktori Rashid Usmanov “Refinitiv” kompaniyasi vakili Aygyun Muzaffarli bilan Oʻzbekiston moliya bozorlarini rivojlantirish sohasidagi strategik hamkorlik doirasida uchrashuv oʻtkazdi.

    “London fond birjasi” guruhi tarkibidagi “Refinitiv” kompaniyasi moliyaviy bozorlar va infratuzilma maʼlumotlarini yetkazib beruvchi dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri hisoblanadi.

    Kompaniya daromadi 6,25 milliard dollarni tashkil etib, 190 mamlakatda 40 000 dan ortiq mijoz va 400 000 foydalanuvchiga ega. Kompaniya mijozlarga investitsiya, savdo va risklar boʻyicha qaror qabul qilish imkonini beruvchi maʼlumotlar, insaytlar va texnologiyalarni taqdim etadi.

    OʻzRVBda boʻlib oʻtgan uchrashuv Oʻzbekiston moliya bozorlarini rivojlantirish sohasida OʻzRVB va “Refinitiv” kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, shu jumladan birja maʼlumotlarini taqdim qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Taʼkidlash joizki, 2020-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi birja faoliyati tarixida ilk bor “Refinitiv” kompaniyasining “Eikon” axborot-tahliliy platformasida OʻzRVB bozorlari va faoliyati toʻgʻrisida avtomatik yangilanadigan maʼlumotlar doimiy ravishda joylashtirib kelinmoqda.

    Bugungi kunda OʻzRVB qulay investitsiya muhitini yaratish jarayonida milliy va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun kapital bozori infratuzilmasining muhim boʻgʻini hisoblanib, keng koʻlamli birja instrumentlari xizmatlarini taklif etadi.

    Uchrashuv davomida Aygyun Muzaffarli “Refinitiv” kompaniyasining texnologik yechimlaridan foydalanish orqali OʻzRVBda infratuzilmani raqamlashtirish va birja xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

    Shuningdek, tomonlar hamkorlikning muhim jihatlari, jumladan, maʼlumotlarni tarqatish va tahlil qilish, texnologik yechimlarni ishlab chiqish, axborot mahsulotlarini kengaytirish sohasida tajriba almashish, shuningdek, OʻzRVB birja bozorlarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qildi.

    OʻzRVB — respublikaning eng yirik va koʻp funksiyali birja platformasi, savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni oʻz ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim boʻlib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qogʻozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.