Shu yil 16-oktyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi boʻyicha parvozini yakunlagan hamda bojxonadan “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan yoʻlovchilardan biriga tegishli bagaj belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

Natijada bagajda, yuklar orasida krossovka ichida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida ham maʼlum qilinmagan 33 dona elektron tamaki chekishga moʻljallangan ruchkasimon veyp qurilmasi hamda ularni quvvatlovchi 32 dona moslama borligi aniqlandi.

Ammo bu hali hammasi emas! Yuklar orasida bojxona xodimlarini shubhalantirgan regbi koptogi ochib koʻrilganida ichida mato oʻrami orasiga yashirilgan oʻzidan oʻtkir hid taratayotgan 3 turdagi 72 dona ampula borligi aniqlandi. Ampulalardagi modda esa gashish moyi boʻlib, bu ularning qadogʻida ham aks ettirilgan.

Mazkur holatda toʻxtatib qolingan tovarlarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 150 mln soʻmdan oshmoqda. Ammo bu narkotik moddalarning yetkazishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlari oldida hech narsa emas.

Surishtiruvlar davomida ushbu narkotik moddalarni olib oʻtishga uringan shaxs bu yuk oʻziga tegishli emasligini, birovning iltimosiga binoan olib oʻtayotganini bildirdi va buni tasdiqlovchi oʻzaro yozishmalarni ham taqdim qildi. Lekin bu endi uni javobgarlikdan ozod etadimi? Albatta, yoʻq.

Fursatdan foydalanib, xorijga ketayotgan va yurtimizga qaytayotgan yurtdoshlarimizga murojaat qilamiz. Hech qachon begona shaxslarning iltimosiga binoan yoki moddiy manfaatdorlik evaziga oʻzgalarning yukini bojxonadan olib oʻtib berishga harakat qilmang.

Hozir yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabarida.