Yigʻilishda taʼkidlanganidek, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qilishga zarurat shundaki, amaldagi Qonunda umumiy tusga ega boʻlgan va ishlamaydigan normalar mavjud boʻlib, ular reklama faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni toʻliq qamrab olmagan.

Jumladan, reklama faoliyatiga qoʻyiladigan talablarning yetarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmaganligi huquqni qoʻllash amaliyotida koʻplab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlyapti.

Shuningdek, reklama obyektining xavfsiz boʻlishiga oid talablar mavjud emas, jumladan, dori vositalari, biologik aktiv va oziq-ovqat qoʻshimchalari, bolalarga moʻljallagan oziq-ovqatlar, alkogolli va energetik ichimliklar reklamasiga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagan.

Sababi amaldagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun bundan 23 yil avval 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan boʻlib, (30 ta moddadan iborat) bugungi kunga qadar unga 15 marotaba oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi Qonun bilan normalarni qoʻllashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, yangi tushunchalar kiritilyapti.

Masalan, “reklama obyekti”, “nomaqbul reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan toʻldirilyapti.

Shuningdek, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilyapti.

Jumladan, telekanallarda davomiyligi oʻn daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda quyidagilar taqiqlanadi:

- taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorlarning tashqi koʻrinishiga oʻxshash shaxslarning ishtirok etishi;

- olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining taʼsiri haqidagi hikoyalaridan iborat boʻlgan tavsiyalardan foydalanish taqiqlanadi.

Qonunning yana bir muhim ahamiyatli tomoni shundaki, voyaga yetmaganlarni ularning ishonchi va tajribasi yetishmasligini suiisteʼmol qilishdan himoya qilish tartibi alohida keltirilgan.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari Qonunda bayon etilgan ayrim moddalar hayotga tatbiq etilishi bilan bogʻliq jarayonlarga ham oʻz eʼtiborini qaratdi. Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning oʻziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatiladigan reklamaga qoʻyiladigan talablar batafsil koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda mazkur Qonun ayni paytda Senat qoʻmitalarida hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokamalardan oʻtayotgani, barcha taklif va tavsiyalar inobatga olinishi va tegishli xulosa qabul qilinishi nazarda tutilgani taʼkidlab oʻtildi.

Qonun muhokamasi davom etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.