Uchrashuvda institut prorektorlari, masʼul boʻlim vakillari, fakultet dekani, professor-oʻqituvchilar hamda fakultetning bitiruvchi talabalari qatnashdi. Shuningdek, tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Namangan viloyati boshqarmasi boshligʻi shuʼba rahbari ishtirok etib, yoshlarning bandligi va kasbiy moslashuvi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
Muloqot jarayonida til va tarjima yoʻnalishi bitiruvchilarining kasbiy salohiyati, xorijiy tillarni amaliy darajada egallash darajasi, tarjimonlik va taʼlim sohalarida faoliyat boshlash uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalar muhokama qilindi. Bitiruvchilarning oʻz mutaxassisligi doirasida doimiy rivojlanishi, amaliy tajriba va sertifikatlarning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Rektor Rivojiddin Karimov oʻz nutqida bitiruvchi yoshlar oldidagi masʼuliyat masalasiga toʻxtalib, shunday dedi:
“Bugungi bitiruvchi ertangi mehnat bozoriga tayyor mutaxassis boʻlishi kerak. Bilim, amaliy koʻnikma va chet tillarini puxta bilish sizning asosiy ustunligingizdir.”
Shuningdek, uchrashuvda viloyatda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Karyera markazi faoliyati haqida maʼlumot berilib, ushbu markaz orqali boshqa yoʻnalishlar bilan bir qatorda chet tillari boʻyicha ham tayyorlov kurslari yoʻlga qoʻyilishi, malakali til mutaxassislarini ish bilan taʼminlashga qaratilgan mexanizmlar ishlab chiqilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan bildirilgan savollar yuzasidan ochiq suhbat olib borildi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida oʻtdi.