Bugun oliy taʼlim muassasalarida yoshlar ittifoqi yetakchisi tomonidan amalga oshiriladigan ishlarning har bir talaba hayotida aks etishi guruh yetakchilariga bogʻliq. Ular tomonidan loyihalarning natijali amalga oshishi uchun esa yetakchilarga motivatsiya kerak.

Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqqa yoʻllagan Murojaatnomasida koʻtarilgan eng ustuvor yoʻnalish yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, tashabbuskor yoshlarni tarbiyalashda ham ahamiyatlidir. Shunga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularga motivatsiya berishni guruh yetakchilaridan boshladi.

Rektor universitetning pedagogika va psixologiya fakulteti 1-kurs guruhlarining yoshlar ittifoqi yetakchilarini taqdirladi. A.Umarov taqdirlash jarayonida har bir guruhga kirib, jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi hal qiluvchi oʻrin tutishi, shu sababli islohotlar koʻlami va samarasini yana-da oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarga tayanishini aytdi hamda talabalarga omad va zafarlar tiladi.

Yakunda mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratish kerakligini va davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekiston yoshlar forumida aytilgan “Yangi Oʻzbekistonni yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz!” degan shiorni eslatib oʻtdi.

Taqdirlash jarayonida guruh yetakchilariga universitet rektori ishonch yorliqlari, yetakchilik guvohnomalari, maxsus koʻkrak nishonlarini topshirdi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda taklif va tashabbuslarini bildirdi. Guruh yetakchilari rektor bildirgan ishonch uchun minnatdorlik aytib, bor kuch-gʻayratini, bilim va salohiyatini universitet nufuzini oshirishga safarbar etishini taʼkidladi.