Respublika boʻyicha ichimlik suvdan qarzdorlik 954 mlrd soʻmni tashkil etadi

    Respublika bo‘yicha sudlarga eng ko‘p da’vo arizalari Toshkent shahri va Samarqand viloyati suv ta’minoti korxonalari tomonidan berilgan.

    Bugungi kunda respublikada isteʼmolchilarning debitor qarzdorligi 954 mlrd soʻmni tashkil etmoqda. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov maʼlum qildi. Jismoniy isteʼmolchilarning qarzdorligi 767 mlrd. soʻmni tashkil etsa, 186 mlrd. soʻmlik qarzdorlik yuridik isteʼmolchilarning hissasiga toʻgʻri kelyapti.

    Qayd etish muhimki, respublika boʻyicha ichimlik suvi va oqova suv xizmatlaridan qarzdorlikni undirish yuzasidan tegishli huquqiy choralar koʻrish boshlangan va muntazam davom etyapti. Jumladan, joriy yil yanvar oyi holatida debitor qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha sudlarga jami 13,6 mlrd soʻmlik daʼvo arizalar kiritildi.

    Respublika boʻyicha sudlarga eng koʻp daʼvo arizalari Toshkent shahri va Samarqand viloyati suv taʼminoti korxonalari tomonidan chiqarilgan.

    Fursatdan foydalanib, isteʼmolchilar ichimlik suvi taʼminoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq toʻlashni amalga oshirishlari lozimligini eslatib oʻtamiz.

    Shuningdek, tashkilotning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi yana bir holat xususida aytib oʻtish joiz. Bu ichimlik va oqova suv tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish va ulardan belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilmagan holda foydalanish holatlari hisoblanadi.

    “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan joriy yil boshidan buyon oʻtkazilayotgan maxsus tadbirlar davomida 696 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, jami yetkazilgan zarar 5,5 mlrd soʻmni tashkil etadi.

    Shuningdek, 450 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan suv oʻlchagichdan foydalanish qoidalariga amal qilinmagani natijasida 2,3 mlrd soʻm zarar yetkazilgani aniqlandi.