Hokim oʻrinbosari maqomiga tenglashtirilgan “tungi iqtisodiyot menejeri” lavozimi joriy etilishi mumkin

    Turizm 10 Sentabr 2025 755

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qarori loyihasi tayyorlandi.

    Bu haqda Strategik islohotlar agentligi maʼlum qildi.

    Qaror loyihasiga koʻra, Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida Toshkent shahar tumanlari, Nukus shahri va viloyat markazlari hokimliklari tuzilmasida “tungi iqtisodiyot menejeri” lavozimi tashkil etilishi belgilanmoqda.

    Ushbu lavozim shahar va tuman hokimlari oʻrinbosari maqomiga tenglashtirilib, ular uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

    Menejerlar quyidagi yoʻnalishlar uchun masʼul boʻladi:

    • tunu-kun ishlaydigan koʻcha va hududlar uchun master-reja ishlab chiqish, infratuzilma yaratish;
    • tadbirkorlar faoliyatini tungi vaqtda ham toʻsiqsiz taʼminlash;
    • aholi va turistlar oqimini oshirish, festival va konsertlar tashkil etish;
    • xavfsizlik, kommunal va moliyaviy xizmatlarni muvofiqlashtirish.

    Jami 25 ta yangi shtat birligi vazirlik va idoralar boshqaruv xodimlari hisobidan maqbullashtirish yoʻli bilan joriy etiladi. Toshkent, Nukus va viloyat markazlaridan tashqari hududlarda esa bu vazifalar shahar va tuman hokimlarining birinchi oʻrinbosarlariga yuklatiladi.