Ijtimoiy tarmoqlardagi bir qancha axborot manbalarida jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi sudyasi tomonidan joriy yilning “16-aprel” kuni Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlmagan fuqaroni goʻyoki shu kuni Toshkent shahrida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topib, jazo tayinlangani haqidagi xabarlar katta muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Aniqlanishicha, shu yilning 17-may kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida U. R.ga doir maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish koʻrib chiqilib, tegishli jazo tayinlangan. Sud qarorida huquqbuzarlik sodir etilgan sana “16-aprel” deya qayd etilgan boʻlsa-da, mazkur holat texnik xatolik boʻlib, sudya tomonidan oʻsha vaqtning oʻzida qoʻshimcha qaror chiqarish yoʻli bilan bartaraf etilgan.
Qoʻshimcha qilinadiki, joriy yilning 16-may kuni sodir etilgan ushbu maʼmuriy huquqbuzarlikka doir ish materiallari 17-may kuni sudga kelib tushgan boʻlib, elektron taqsimotga koʻra, sudya S. Xujamkulova ish yurituviga qabul qilingan. Mazkur jarayon toʻliq raqamlashtirilgan boʻlib, bunda inson omilining taʼsiri yoʻq.
Alohida taʼkidlash shartki, ushbu bayonot sud qarori qonuniyligi yuzasidan Kengash xulosasi sifatida talqin qilinmasligi kerak. Chunki, qonunga koʻra, sud qarorlariga huquqiy baho berish yuqori sud instansiyasi vakolatiga taalluqli.
Oʻz navbatida Kengash, sud qarori qonuniy kuchda ekani va undagi texnik xatolik bartaraf etilgani bois, sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazishga yetarlicha asos yoʻq, deb hisoblaydi. Biroq mavjud holat jamoatchilikda sud hokimiyatiga nisbatan notoʻgʻri tasavvurlar paydo qilishi ehtimolini yuzaga keltirgani eʼtiboridan Toshkent shahar sudiga uning sabablarini oʻrganish tavsiya qilindi.