Loyihada qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan avariya holatidagi koʻp kvartirali uy-joy fondi xatlovdan oʻtkazilgan.

Hukumat qarori loyihasida nazarda tutilmoqda:

Koʻp kvartirali uy-joy fondini taʼmirlash va yangilashga qaratilgan quyidagilar:

2021-2022-yillarda eskirgan koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash boʻyicha renovatsiya dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2021-2023-yillarda avariya holatidagi koʻp qavatli uylar oʻrnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish boʻyicha renovatsiya dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi “Koʻp xonadonli uylar, issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi Dasturlar doirasida bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanadi.

Dasturlarni amalga oshirish doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjet mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishida taqdimot materiallarini Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarma kuzatuv kengashi bilan kelishilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi aholi punktlarining bosh rejalariga asosan yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylarni joylashtirilishiga qatʼiy amal qilinishi va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirilishida davlat nazoratini olib borilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslantirilgan takliflariga muvofiq Dastur parametrlariga, zaruratga koʻra, oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Dasturlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyiladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklanadi.

Loyihada hududlar boʻyicha 2021-2022-yillarda eskirgan koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash boʻyicha renovatsiya dasturi roʻyxati ham keltirib oʻtilgan. Xususan, unda Toshkent shahridagi Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Sergeli, Yunusobod, Yakkasaroy, Yashnobod tumanlaridagi eksirgan kup kvartirali uylarni buzish koʻrsatib oʻtilgan. Ularning orasida 2, 3, 4 va 9 qavatli turarjoy binolari bor.