Respublika ijtimoiy soha obyektlari 1-sentyabrgacha mahalliy koʻmir bilan toʻliq taʼminlanadi

    Sanoat 30 Iyul 2022 1120

    “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022/2023-yillar kuz-qish mavsumi uchun Respublika ijtimoiy soha obyektlariga 518 ming tonna, aholi ehtiyojlari uchun 882 ming tonna mahalliy koʻmir mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan.

    Bu haqda “Oʻzbekkoʻmir” AJ Axborot xizmati rahbari Neʼmat Dushayev xabar qildi.

    Shu yilning 29-iyul kuni “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatiga uyushtirilgan press-turda jamiyat bosh direktori birinchi oʻrinbosari A.Mirahmedovning taʼkidlashicha, ijtimoiy soha obyektlariga koʻmir yuklash ishlarini bu yil har galgidan ancha barvaqt − 1-apreldan boshlandi. Ayni paytda jamiyat tomonidan kuniga oʻrtacha 4,5 ming tonna koʻmir yuklab joʻnatilmoqda.

    Mahsulot “Koʻmir taʼminot” MCHJga qarashli 101 hududiy koʻmir ombori va shahobchalari orqali tarqatilayapti. 2022-yil 27-iyul holatiga byudjet tashkilotlari uchun 326,3 ming tonna mahalliy koʻmir ortib yuborildi. Koʻmir tarqatish ishlari Samarqand va Xorazm viloyatlarida ayniqsa namunali tashkil etilmoqda.

    Respublika byudjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumi uchun koʻmir bilan toʻliq taʼminlash ishlarini 1-sentyabrga qadar yakunlash, aholini mahalliy koʻmir bilan taʼminlashni esa 1-dekabrgacha tugatish rejalashtirilgan.

    Taʼkidlanganidek, Respublika byudjet tashkilotlari va aholi uchun moʻljallangan mahalliy koʻmir BR-2 markali boʻlib, fraksiyasi 0-300mm.ni, kulchanligi 17 foizni tashkil etadi.

    Maʼlumot uchun, “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022-yilda isteʼmolchilarga 4,8 million tonna koʻmir yetkazib beriladi. Birinchi yarim yillik davomida 2,4 mln. tonna (prognozga nisbatan 97,1 foiz) koʻmir qazib olindi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 110,4 foizga tengdir.

    “Angren” koʻmir koni “Oʻzbekkoʻmir” AJʻning qattiq yoqilgʻi qazib oluvchi asosiy koni hisoblanib, 2022-yilda ushbu konda 4328,7 ming tonna koʻmir qazib olish belgilangan. Ayni kunlarda bu yerda 40dan ortiq kon ekskavatoridan foydalanilmoqda. Ularning toʻrttasi bevosita koʻmir qazib olish va yuklash ishlariga safarbar qilingan.