Mazkur ishchi guruhga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimlari hamda 13 ta respublika vazirlik, idora va tashkilotlari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etilgan.

Ishchi guruh tomonidan viloyatlarning har bir tuman va shaharlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlgan mahallalarda xonadonbay yurish orqali aholi uchun dolzarb muammolar oʻrganish va ularni samarali hal etish ishlari davom ettirilmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni, aholi muammolarini hal etish, mahallani obod qilish, ichki yoʻllarini shagʻallashtirish boʻyicha namunaviy ishlar tashkil etildi. Misol uchun, Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari boshchiligidagi Ishchi guruh Namangan tumanining Andijon viloyati bilan chegaradosh ogʻir “Oq yer” mahallasida boʻlib, mahalla nuroniylari, faollari bilan uchrashib, aholi kayfiyati oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi. Xususan, 2 km ichki yoʻl shagʻallashtirilib, 1 km yoʻlga asfalt yotqizildi, ariq-zovurlar aholi vakillari ishtirokida tozalandi. 400 dan ortiq fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ogʻir sharoitdagi xonadonlavrni taʼmirlash ishlari boshlandi, ishsiz xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi, hududdagi bogʻchalar uchun zarur jihozlar yetkazildi.

Bundan tashqari, viloyatdagi ichki yoʻllarning jami 20 kmga yaqin qismi taʼmirlandi. Aholiga qoʻshimcha 446,8 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 60 ta temir beton tayanchlar yangilandi, 4,8 km tarmoq tortildi.

Namangan tumanidagi 36 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 4 000 ta bolalar yotoqxona toʻplami, oʻquv qurollari hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi. 

Tijorat banklari tomonidan 764 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 40,0 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Jumladan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 116 nafar fuqaroga 2,8 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.

Xuddi shunday amaliy ishlar Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham amalga oshirilyapti.

Xususan, Jizzax viloyatida “Qizil hudud” dasturiga kiritilgan mahallalar holatini yaxshilash maqsadida, viloyatning 13 tumanida 90,7 km yoʻllar yangidan shagʻal yotqizish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Undan tashqari, ichki yoʻllarning jami 45,0 km qismi taʼmirlandi.

Aholi ehtiyojiga qarab qoʻshimcha 826 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 67 ta koʻp qavatli uylarda mukammal taʼmirlash ishlari olib borilib, shunda 44 ta uyning tom qisminiing mukammal taʼmirlanishi yakunlanmoqda.

“Sahovat va koʻmak” jamgʻarmasidan 499 nafar fuqaroga 1 358 mln soʻmlik yordam koʻrsatildi. “Ayollar daftari” roʻyxatidagi 3 496 nafar xotin-qizlarga 2 432,6 mln soʻmlik yordam koʻrsatildi. “Yoshlar daftari” roʻyxatidagi 932 nafar fuqarolarga 3 057,0 mln. soʻmlik yordam koʻrsatildi.

Qashqadaryo viloyatida aholi murojaatidan kelib chiqqan holda 11,4 km ichki yoʻllar shagʻallashtirildi. Aholiga qoʻshimcha 60 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 50 dan ziyod temir beton tayanchlar yangilandi. Ichimlik suvini yaxshilash borasida 3 km yaqin ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, Shahrisabz shahri Markaziy suv inshootidagi nasoslar joriy taʼmirlanib oʻrnatildi.

Viloyat aholisi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu maqsadda tijorat banklari tomonidan 840 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 43,5 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi.

Respublika ishchi guruhining joylardagi ishlari davom etmoqda.