JSST maʼlumotlariga koʻra, dunyoda yuz berayotgan oʻlim holatlarining qariyb 60 foizi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqmoqda. Qolaversa, bu turdagi xastaliklar hanuz nogironlikka yetaklovchi eng asosiy sabablardan biri.

Bunday ogʻir darddan aziyat chekkan yurtdoshlarimiz yaqin yillargacha Germaniya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga davo istab borgan boʻlsa, endi bu yoʻnalishdagi barcha ilgʻor muolaja usullari yurtimizda yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida hozir 34 turdagi murakkab va noyob operatsiyalar oʻtkazilmoqda.

— Stentlash, aorta koronar shuntlash, radiochastotali ablatsiya, elektrokardiostimulyator oʻrnatish, yurak klapanlarini protezlash kabi ochiq usuldagi amaliyotlar yiliga minglab bemorlarning hayotini saqlab qolish va umrini uzaytirish imkonini bermoqda, — deydi markaz direktori Xurshid Fozilov. — Bundan tashqari, yurak nuqsonlarini endovaskulyar usulda davolash ham keng ommalashyapti. Muassasamizning Rentgenendovaskulyar jarrohlik boʻlimi shu yoʻnalishga ixtisoslashgan.

Surunkali toj tomirlar okklyuziyasini antegrad va retrograd yoʻllar bilan ochish va stentlash, kateter orqali aortal klapan implantatsiyasi, qorinchalararo va boʻlmachalararo toʻsiq defekti hamda yurak tugʻma nuqsonlarini kateter orqali okklyuder bilan yopish amaliyotlari shular jumlasidan.

Ushbu innovatsion muolaja turlarining noyobligi shundaki, ular koʻkrak qafasini kesmasdan, bilak tomiri orqali bajariladi.

Elektrofiziologik tekshiruvlar va yurak aritmiyalari murakkab turlarini jarrohlik yoʻli bilan davolash boʻlimida esa 10 turdagi operatsiyalar oʻtkazilmoqda. Ulardan 6 tasida radiotoʻlqinli ablatsiya usuli qoʻllanilsa, 4 tasida turli elektrokardiostimulyatorlar implantatsiya qilinadi.

Jumladan, radiochastotali ablatsiya usuliga muvofiq, koʻkrak qafasini ochmasdan, maxsus moslamalar yordamida yurakka yetib borgan holda, uning notekis urishi (aritmiya) bilan bogʻliq baʼzi nuqsonlar radiotoʻlqin vositasida bartaraf etiladi.

Kardiojarrohlik boʻlimida ochiq usuldagi yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkaziladi. Ushbu muolaja turi ishlab turgan yurakda bajarilib, bir vaqtning oʻzida ushbu tana aʼzosida ikki va undan ortiq oʻta murakkab operatsiyalar amalga oshiriladi. Yaʼni yurak klapanlarini protezlash, plastika qilish, tugʻma nuqsonlarni jarrohlik yoʻli bilan bartaraf etish, yurak mushaklari oʻsmalari, qorincha va boʻlmachalar ichidagi tromblarni olib tashlash sunʼiy qon aylanish tizimi yordamida oʻtkaziladi.

Eʼtiborlisi, markazimizning hududiy filiallariga ham angiograf uskunasi oʻrnatilib, koronarografiya va stentlash amaliyotlari yoʻlga qoʻyilgach, davolash hamda diagnostika usullari 40 tagacha yetkazildi.