Avvalambor, barchangizni yaqinlashib kelayotgan eng ulugʻ, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi bilan chin yurakdan samimiy tabriklaymiz.

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʻymoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonning yangi, ochiq, demokratik va insonparvar qiyofasi yaratilmoqda. Jonajon xalqimizning ertaga emas, bugun baxtli yashashi uchun amalga oshirilayotgan mazkur islohotlarning taʼsirini har bir yurtdoshimiz oʻzi va oilasi misolida koʻrib, sezib turibdi.

Oyning oʻn beshi yorugʻ, oʻn beshi qorongʻu boʻlganidek, hayot ham turli sinov va qiyinchiliklardan iborat. Buni butun yer yuzi aholisini jiddiy tashvishga solayotgan xavf – pandemiya misolida ham koʻrish mumkin.

Bizga ham, afsuski, bu sinov yetib keldi. Kutilmaganda hayot tarzimizni, odatlarimizni, bir maromda ketayotgan jarayonlarni oʻzgartirishimizga, yangi talab va shartlar asosida yashashga oʻrganishimizga toʻgʻri keldi.

Besh oydan ortiq vaqt davomida davlatimiz rahbarining topshiriqlari va koʻrsatmalariga muvofiq bu xatarni imkon qadar kam talafot bilan yengib oʻtish uchun barcha zarur choralarni koʻrib kelmoqdamiz.

Koʻrilgan samarali chora-tadbirlar hamda tibbiyot hodimlarining fidokorona xizmatlari natijasida bugungi kunga kelib Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirgan jami 40 mingdan oshiq fuqarolarimizning qariyib

38 mingga yaqini yoki 93 foizi sogʻaydi, 2 ming 700 dan ziyod bemorni davolash va oilasi bagʻriga qaytarish choralari koʻrilmoqda.

Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida ijobiy tomonga oʻzgarmoqda. Yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar oʻrtasida taqsimlangani, xorijlik ekspertlar asosan ogʻir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilgani oʻzining yaxshi samarasini berdi.

Mazkur yoʻnalishda amalga oshirayotgan shu va boshqa chora-tadbirlarimiz yaqin kunlarda oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatishiga, barcha yurtdoshlarimiz yana-da jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va masʼuliyat koʻrsatib, moʻtabar keksalarimizning duoi fotihalari bilan bu sinovdan eson-omon oʻtishimizga, qattiq ishonamiz.

Kasallik tarqalishining surʼatini pasaytirish va jarayonni jilovlab turishda ommaviy tadbirlar va turli marosimlardan voz kechishning ahamiyati katta ekanini bugun yaxshi anglab yetdik. Xalqimiz salomatligi har narsadan ustun turishini, inson hayoti eng oliy qadriyat ekanini ham pandemiya davri bizga yana bir bor eslatdi, koʻrsatdi.

Vujudga kelgan murakkab sharoitni hisobga olib, bu yilgi qator bayramlar va ommaviy tadbirlar oʻtkazishni vaqtincha toʻxtatganimizdan barchangiz xabardorsiz.

Mana, yurtimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomi ham yaqinlashib kelyapti. Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq, pandemiya sharoitida mazkur buyuk sanani nishonlash tartibini kelishib olish uchun sogʻliqni saqlash tizmining vakillari bilan maslahat qildik. Albatta, bunda ham asosiy vazifa – xalqimiz salomatligini asrash nuqtayi nazaridan masalaga yondashildi.

Pandemiya bilan bogʻliq vaziyat bu yil joylarda katta yigʻin va ommaviy sayillar oʻtkazishni, shuningdek, bogʻ va koʻngilochar maydonchalarda konsert dasturlari tashkil etishni, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida mushakbozliklarni cheklashni talab qilmoqda. Shuning uchun ushbu ulugʻ sanani koʻproq oila davrasida nishonlashni tashkil etish maqsadga muvofiq, degan qarorga keldik.

Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda, ularni sanitariya normalariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazish kerakligini alohida taʼkidlamoqchimiz.

Ushbu kunlar biz uchun har qachongidan-da sinovli boʻladi. Koʻrilayotgan choralar qanchalik natija berishi tez orada ayon boʻladi.

Shu munosabat bilan, har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemilogik talablarga soʻzsiz amal qilishga odatlanishimiz kerak.

Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qatʼiy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish boʻyicha barcha choralarni koʻrib borish topshiriladi.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Nasib etsa, tez orada bu tashvishli kunlar ortda qoladi. Bunday sayil-tomoshalarni, toʻyu tantanalarni aʼlo kayfiyatda el-yurtimiz bilan birgalikda hali juda koʻp oʻtkazamiz. Zero, sogʻ-salomat ota-ona bagʻrida oʻynab-kulib yurgan farzandlarimiz, duoyu fotihalari va maslahatlari bilan boshimizga toj boʻlib turgan ota-onalarimiz davrasida bayramni nishonlash ham katta neʼmat ekanini bugun har qachongidan ham yaxshiroq anglab turibmiz.

Oʻzingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling!

Mustaqillik ayyomingiz muborak boʻlsin!