Tajribaning ilk bosqichida Namangan shahri va Qarshi tumani, Andijon viloyati Marhamat tumanlarida eksperiment tariqasida byudjetdan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga tuman (shahar) adliya boʻlimlari huzurida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari tashkil etiladi.
Qisqartirilayotgan shtat birliklarini egallab turgan yuridik xizmatlar xodimlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda mutaxassisligiga muvofiq ishga joylashtirilishiga koʻmaklashiladi.
Markazlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun ularni bir oy muddatda adliya organlari va muassasalarining binolariga joylashtirilishi taʼminlanadi. Markazlar tanlov asosida oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini yuqori kasbiy darajada taʼminlay oladigan malakali kadrlar bilan toʻldiriladi.
Markaz yuridik shaxs hisoblanmaydi va tuman (shahar) adliya boʻlimlarining tarkibiy boʻlinmasi sifatida faoliyat yuritadi hamda bevosita tegishli viloyat adliya boshqarmasiga boʻysunadi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan markaz bilan kelishilmagan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar, shartnoma va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
2020-yil 25-sentabrga qadar eksperiment doirasidagi tuman(shahar)larda markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro ishni tashkil qilishning yagona elektron tizimi ishga tushiriladi.
Markazlar faoliyatini doimiy tarzda tahlil qilib, ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini qatʼiy nazoratga olish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Qaror bilan shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarida qisqartirilayotgan yuridik xizmatlar shtat birliklari roʻyxati hamda Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlandi.