Vazirning fikricha, bugungi tahlikali zamonda, Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan davlatning taraqqiyoti va kelajagi sifatli taʼlim bilan, kelajak avlod bilan bogʻliq.

Taʼlim sifatini, xususan sifatli maktab taʼlimini tashkil etish bir qator muhim omillarga bogʻliq. Aynan shu yoʻnalishlar kelgusi 2-3 yilda vazirlik eʼtiborida boʻladi.

Dastavval, maktabda taʼlim sifati eng avvalo shu maktabda ishlayotgan oʻqituvchilar sifati va saviyasiga bogʻliq. Zero, taʼlim sifati – oʻqituvchi sifatidan yuqori boʻla olmaydi.

Bugungi kunda respublika maktablarida 504 ming nafar oʻqituvchi faoliyat yuritadi. Ularning 280 ming nafardan ortigʻi, yaʼni 56 foiz oʻqituvchi salohiyati talab darajasida emas. Bu degani deyarli 3 mlnga yaqin oʻquvchi-bolalarda yuqori malakali oʻqituvchidan taʼlim olish imkoniyati mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, vazirlik birinchi galda maktablarda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning sifat tarkibini yaxshilash va ularning doimiy malakasini oshirish, ular uchun uzluksiz metodik yordam koʻrsatish tizimini joriy etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Mazkur vazifani amalga oshirish Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutiga katta ishonch va masʼuliyat bilan yuklagan. Institut va hududlardagi 14 ta markaz bu yoʻnalishdagi asosiy boʻgʻin etib belgilangan.

Xabaringiz boʻlsa kerak, 2022-yildan boshlab oʻqituvchilar malakasini oshirish tizimi uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimiga transformatsiya boʻldi. Endi oʻqituvchilar doimiy oʻz ustlarida ishlashlari hamda bilim va malakalarini oshirishlari talab etiladi. Shu bilan birga, oʻqituvchi oʻziga qulay shaklda (onlayn yoki anʼanaviy), istagan va qulay vaqtda (yil davomida yoki yiliga 1 xafta) va xohlagan joyda (platformada, markazda, nodavlat tashkilotda yoki OTMda) malaka oshirishi imkoniyati ham yaratildi.

Endi oʻqituvchi maxsus platforma orqali oʻz bilimlarini diagnostika qiladi hamda aniqlangan bilimdagi boʻshliqlar asosida malaka oshiradi.

Har bir oʻqituvchining kasbiy rivojlanish dinamikasi platforma orqali doimiy monitoring qilib boriladi.

"Bir soʻz bilan aytganda oʻqituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mexanizmi va infrastrukturasi shakllantirildi. Masala faqat malaka oshirish hamda metodik yordam koʻrsatishning mazmuni yaʼni kontentida qoldi.

Aynan shu masalada Xalqaro tashkilotlar va donorlar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur, deb hisoblaymiz", deydi vazir oʻz mulohazalarida.