Bu roʻyxatda boʻlmagan dori vositasini shifokor retseptisiz sotishga belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat Ibragimova maʼlumot berdi:
— Retseptsiz beriladigan dori vositalari mamlakatimiz farmatsevtika bozorining taxminan 30 foizini tashkil etadi. Hatto vrach retseptlari asosida beriladigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va ular haqidagi maʼlumotlarni dorixonaning peshtaxtasi va xaridorlar uchun koʻrinadigan boshqa joylarga qoʻyish taqiqlanadi.
Qonunchilikka koʻra, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar mavjud boʻlmagan dori vositalarini retseptsiz sotish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha jarimaga sabab boʻladi. Tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retseptsiz sotish esa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarimaga sabab boʻladi. Mazkur tartib 2020-yil 23-oktyabrdan kuchga kiradi.
Bu qonunbuzarlikni dorixona muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) amalga oshirsa, bu xolat litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib keladi.