Uchrashuv chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida transport va logistika hamkorligi masalalari hamda transport infratuzilmasini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Rossiya kompaniyasi rahbari «Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor» temir yo‘lini qo‘rish loyihasini amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi hamda mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishi va qator mamlakatlarning tranzit salohiyatini yuksaltirish uchun ushbu loyihaning ahamiyatini qayd etdi. Mintaqada transport kommunikatsiyalarining yangi arxitekturasini shakllantiruvchi ushbu loyihaning amalga oshirilishi Sharqiy va Janubiy Osiyodan MDH va yevropaga hamda teskari yo‘nalishda yuk tashishning vaqt va xarajat parametrlarini 30 foizga kamaytirishi ta'kidlandi.
Loyihani texnik-iqtisodiy asoslashni va uni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishga texnik yordam ko‘rsatish uchun ushbu sohada ilg‘or tajriba va texnologiyalarga ega bo‘lgan Rossiyaning ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarini jalb etishga kelishildi.
Temir yo‘lni qurish va ishga tushirish haqida kelishib olib, tomonlar undan kelgusida foydalanishning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Afg‘oniston temir yo‘l sanoati uchun kadrlar tayyorlash dasturini birgalikda ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.
Muloqot doirasida transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning umumiy masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, yuk tashish shartlarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish orqali ikki davlatni bog‘lovchi temir yo‘l yo‘laklarining yuk bilan bandligini oshirish maqsadida hamkorlik qilish uchun keyingi tadbirlar belgilandi. Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchilar va logistika kompaniyalari uchun vaqt va moddiy xarajatlarni kamaytiradi hamda ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Rossiya bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zbek va rossiyalik tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni shakllantirish orqali o‘zaro yuk tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha ham qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Epidemiologik vaziyat o‘z iziga tushgani bilan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam yo‘lovchi temir yo‘l qatnovini bosqichma-bosqich qayta tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida ham kelishuvga erishildi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya hududida temir yo‘l infratuzilmasi ob'ektlarini qurish uchun O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb etishni nazarda tutib, mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida fikr yuritdi.
Shu munosabat bilan, uchrashuv yakunlari bo‘yicha «Rossiya temir yo‘llari» OAJ va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida Rossiya Federatsiyasi hududida temir yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarini qurish uchun O‘zbekistonning malakali mehnat resurslarini jalb qilishni tashkil etishga ko‘maklashish to‘g‘risida Memorandum imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.