Rossiya Prezidentining joriy yil 15-iyundagi farmoni bilan 2020-yil 15-martgacha Rossiyaga kelgan va 2021-yil 16-iyun holatiga koʻra, mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega boʻlmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar joriy yil 30-sentyabrga qadar Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga murojaat qilib, maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berilgan edi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur farmon bilan Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgan mehnat migrantlarini mamlakat hududidan majburan chiqarib yuborish pandemiya davrida vaqtincha bekor qilingan. Joriy yil 1-oktyabrdan ushbu tartib qayta joriy etiladi, yaʼni migratsiya qonunchiligini buzgan, shu jumladan Rossiyada boʻlish va ishlash huquqini beruvchi hujjatlarga ega boʻlmagan mehnat migrantlari mamlakat hududidan majburan chiqarib yuboriladi va keyinchalik Rossiyaga kirishiga maʼlum muddat uchun taqiq qoʻyiladi.
Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining qayta ogohlantirishnomasida "Farmonda belgilangan meʼyorlarning amal qilish muddati yaqinlashishi munosabati bilan, migratsiya markazlari va Rossiya IIV hududiy organlarida navbatlarning oldini olish maqsadida, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga hujjatlarni oʻz vaqtida olish hamda vakolatli tashkilotlar xodimlari nisbatan kamroq band boʻlgan vaqtda, yaʼni kuning ikkinchi yarmida tashrif buyurishni tavsiya qiladi», deyiladi.
Eslatib oʻtamiz, qamoqdan ozod qilingan, Rossiya davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan, mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini zoʻravonlik bilan oʻzgartirish tarafdori boʻlgan, terroristik yoki ekstremistik harakatlarni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi yoki ularni sodir etuvchi xorijiy fuqarolar 30-sentyabrga qadar mamlakatda boʻlish va ishlash uchun qonuniylashtirishga ruxsat berilganlar toifasiga kirmaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi vaqtda Rossiyada MDH davlatlarining 700 mingdan ortiq noqonuniy fuqarolari bor. Joriy yil aprel oyida nolegal fuqarolar soni 1 mlndan ortiq edi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.