Ikki kunlik mazkur anjuman oliy taʼlim tizimidagi hamkorlikni muhokama qilish barobarida uni aniq mexanizmlar asosida kengaytirish boʻyicha 20 dan ortiq shartnomalarga erishish imkonini berdi.

Dastlabki anjuman – forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini ishtirok etdi. Tomonlar taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.

Darhaqiqat, bugun Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti hamda Piza universiteti filiallarining faoliyat yuritayotgani Oʻzbekiston–Italiya taʼlim aloqalarining natijadorligini namoyon etadi. Soʻnggi ikki yilda 100 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilarning Italiyada stajirovka oʻtagani, 750 nafardan ziyod talabaning italyan tilini oʻrganayotgani hamkorlikning inson kapitaliga yoʻnaltirilganini koʻrsatadi.

Forum doirasidagi sessiya va uchrashuvlar asnosida tomonlar universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qoʻshma magistratura va doktorantura dasturlarini yoʻlga qoʻyish, akademik almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Erasmus+ dasturi doirasida shu kungacha 30 ga yaqin qoʻshma loyiha amalga oshirilgani, 300 dan ortiq oʻzbekistonlik yoshlar Italiya universitetlarida tahsil olayotgani va bu kabi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishtirish lozimligi taʼkidlandi.

Forum doirasida 2025-yil yanvar oyida eʼlon qilingan qoʻshma ilmiy tanlov yakunlari eʼlon qilindi. 199 ta taklif ichidan eng yuqori ball toʻplagan 10 ta loyiha Oʻzbekiston–Italiya Qoʻshma boshqaruv qoʻmitasi tomonidan moliyalashtirish uchun tanlab olindi.

Mazkur tanlov ilmiy aloqalarni real qoʻshma tadqiqotlar bosqichiga olib chiqdi. Endilikda muhandislik, sunʼiy intellekt, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, turizm, moda va dizayn kabi ustuvor yoʻnalishlarda aniq natijalarga yoʻnaltirilgan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda.

Rimga xizmat safari chogʻida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Italiyaning turli oliygohlarida tahsil olayotgan bir guruh oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy muloqot davomida talabalarning taʼlim jarayoni, yashash sharoitlari, ilmiy izlanishlari va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashildi. Vazir yoshlarning xorijda sifatli bilim olib, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallayotgani mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, forum doirasida yangi ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi. Bu esa hamkorlikning keyingi bosqichida qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalar soni sezilarli oshishini anglatadi.

Bu jarayon Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy integratsiyadagi faolligi ortib borayotganini aks ettiradi. Ayniqsa, yoshlarning xorijda zamonaviy bilim va tajriba orttirib, keyinchalik uni mamlakat taraqqiyotiga yoʻnaltirishi strategik ahamiyat kasb etadi.

Ikki kunlik forum Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Muhimi, bu safargi muloqotlar aniq loyihalar, oʻnlab moliyalashtirilgan tashabbuslar va imzolangan kelishuvlar bilan mustahkamlandi.