Rishtonda tez orada elektromopedlar ishlab chiqariladi

    Sanoat 19 Aprel 2021 2100

    Energiya tejamkor, xavfsiz va ekologiyaga zarar yetkazmaydigan transport vositalariga talab ortmoqda.

    Ayni kunlarda Fargʻona yoʻllarida ixcham, koʻrkam elektromopedlarni uchratasiz. Boshqarishga qulay mazkur ulovning ehtiyot qismlari Xitoydan keltirilib, Rishtondagi “Start-Max” masʼuliyati cheklangan jamiyatida foydalanish uchun tayyor holga keltirilmoqda.

    Mini, klassik, xay-tek kabi toʻqqiz xildagi elektromopedning bugun Fargʻona viloyati boʻyicha bozori chaqqon. 30 chogʻli ishchining qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Hozirgacha ana shunday elektromopedlarning 300 ga yaqini savdoga chiqarilgan.

    – Rishtonda kulolchilik rivojlangan. Deyarli har bir oilaning kulolchilik buyumlarini savdo doʻkonlariga sifatli va tez yetkazib berishda mana bunday elektromopedlarga ehtiyoji bor, – deydi korxona rahbari Saidahmad Akbarov. – Qulayligi shundaki, 3 ming soʻmlik elektr toki bilan 70-80 km masofani bosib oʻtish mumkin. Ikki kishiga moʻljallangan elektromopedlar lyuk, ventilyator, magnitofon bilan jihozlangan boʻlib, haydovchiga yengillik yaratadi. Narxi akkumulyatorining soniga qarab 12 milliondan 20 milliongacha borishi mumkin.

    – Elektromopedlarning ishlab chiqarilishi nafaqat ehtiyojmandlar, balki mahallamizdagi ishsizlar uchun ham juda ajoyib imkoniyat boʻldi, – deydi “Toʻda” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Qambarali Meliboyev. – Hozirda shu ish bilan 30 nafar fuqaromiz band. Tadbirkorga hozir joy masalasi muammo boʻlib turibdi. Agar shu muammo hal etilsa, Saidahmad Akbarov yana 100 ta ishchi oʻrni yaratish niyatida. Keyinchalik korxonada elektromopedlar nafaqat yigʻiladi, balki ishlab chiqarish ham koʻzda tutilgan.